Misr hukumati sayyohlarning mamlakat hududiga kirishi uchun sharoitlarni yanada yengillashtirdi. Bu haqda “Atorus.ru” xabar bergan.
Xurgadi, Mars Alam, Sharm al-Shayx va Tabi aeroportlari orqali Qizil dengizga kelgan sayohatchilarga agar ular o‘z mamlakatida koronavirusga test topshira olmagan va maxsus ma’lumotnomaga ega bo‘lmasa, 1-sentabrdan boshlab PZR-testini Misrda topshirish imkoniyati yaratilgan.
Avval Misrga kelgan turist koronavirusga topshirgan testining natijasi manfiy ekani haqida 72 soat amal qiladigan ma’lumotnomani taqdim etishi lozimligi belgilab qo‘yilgandi. Mazkur cheklov tufayli xorijlik sayyohlarning 30 foizi Qizil dengizga sentabrda borish bo‘yicha buyurtmalarini bekor qilgan. Mehmonxonalar egalari esa mamlakatda yangi inqiroz boshlanishi haqida gapirgan. Hukumat tadbirkorlarning ushbu chaqirig‘iga tezkor tarzda reaksiya bildirdi.
Misrning kurort shaharlarida joylashgan aeroportlarida koronavirusga test topshirish narxi 30 AQSh dollarini tashkil qiladi.
1-sentabrdan boshlab Misrda xorijlik mehmonlar uchun arxeologik va turistik hududlarda, xususan, Luksor hamda Qohira shaharlarida ekskursiyalar tashkil qilina boshlagan. 600 ga yaqin mehmonxona faoliyatini qayta tiklagan va 50 foizlik quvvat bilan ishlamoqda.
1-iyuldan shu kunga qadar Sharm-al-Shayx va Xurgadi kurortlariga 150 mingga yaqin xorijlik tashrif buyurgan. Dam oluvchilar, asosan, Ukraina, Belarus, Shveysariya, Vengriya va Serbiyadan kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlar bo‘yicha dam olayotganlar orasida COVID-19 bilan kasallanganlar aniqlanmagan.
Misrda epidemiya boshlanganidan beri 98 ming nafardan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan, kasallik oqibatida kuzatilgan o‘limlar soni 5400 taga yaqinlashgan.
Izoh (0)