Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 494-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida tasdiqlangan shtat jadvali doirasida turk investorlari bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Loyiha ofisi tashkil etiladi.
Jadal sanoatlashtirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, xalqaro standartlarni joriy etish, maxsus iqtisodiy zonalarning samarali faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribasi va innovatsion yondashuvlarini joriy etish masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida turk ekspertlarini jalb etish rejalashtirilmoqda.
Qarorga muvofiq Turkiya hukumatining quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha texnik ko‘magi kengaytiriladi va yetakchi turk ekspertlari jalb qilinadi:
- sog‘liqni saqlash infratuzilmasi obyektlarini boshqarish sohasidagi salohiyatini oshirish;
- seysmologiya sohasidagi institutsional va normativ bazani mustahkamlash, zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish;
- yo‘llar va yo‘lbo‘yi infratuzilmasini qurish hamda ulardan samarali foydalanish sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga ko‘maklashish;
- “elektron hukumat” sohasida Turkiyaning eng yaxshi yechimlari va texnologiyalarini joriy etish.
Izoh (0)