Ekologiya va koronavirus pandemiyasi insonlarni nimadan nafas olayotgani borasida o‘ylanishga majbur qildi. LG kompaniyasi bu kabi vaziyatda insonning o‘pkasini ortiqcha elementlardan himoya qilish uchun uning yuziga havo tozalagich taqish eng mantiqiy yechim degan qarorga keldi. Shu sababli ishlab chiqaruvchi PuriCare Wearable Air Purifier nomli maxsus niqobni yaratdi, deb xabar beradi Engadget.
Qurilma uchta tezlik rejimida ishlaydigan bir juft ventilyator va uydagi xona tozalagichlarning muqobili bo‘lgan filtrlar bilan jihozlangan. Bu yerda “aqlli” funksiya ham mavjud: datchiklar inson qanday tezlikda nafas olib chiqarayotganini kuzatib, ventilyator aylanish tezligini shunga moslab turadi.
Niqob bir necha soat uzluksiz ishlashga mo‘ljallangan. Akkumulyator sig‘imi — 820 mA/soat. Bu sakkiz soatga yetishi kerak.
Niqob jamlanmasidan uni saqlashga mo‘ljallangan g‘ilof ham o‘rin olgan bo‘lib, uning ichiga dezinfeksiya qilish uchun ultrabinafsha diodlar o‘rnatilgan. PuriCare Wearable Air Purifier’ni, shuningdek, smartfonga ulab qo‘yib, filtrlarni almashtirish vaqtini kuzatib borsa bo‘ladi. LG’ning ta’kidlashicha, qurilmaning har bir tarkibiy qismini almashtirish yoki qayta ishlash mumkin.
Hozircha PuriCare Wearable Air Purifier narxi oshkor etilmagan. Taxminlarga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi o‘zining yangi texnologiyasi haqida sentabr oyida o‘tkaziladigan IFA anjumanida ma’lum qiladi.
Avvalroq Toshkentdagi Inha universiteti talabalari sensorli “aqlli” niqob ixtiro qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)