1382-yil 26-avgust kuni To‘xtamishxon boshliq Oltin O‘rda qo‘shinlari uch kunlik qamaldan so‘ng Moskva shahriga kirib bordi va xonning buyrug‘i bilan shaharga o‘t qo‘yildi. “Daryo” Rossiya tarixining eng qora kunlaridan biri bo‘lmish bu voqea tafsilotlarini keltiradi.
Tarixiy sharoit
XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib ulkan Oltin O‘rda xonligida siyosiy beqarorlik davri boshlandi. 1359-yildan 1380-yilgacha Oltin O‘rdada 25 ta xon almashdi. Har bir xon o‘zini xon deb e’lon qildi. Taxt uchun muntazam kurashlar boshlandi. Shunday kurashlarda 1378-yilda Oq O‘rda xoni To‘xtamish Amir Temur yordamida Oltin O‘rdaning sharqiy poytaxti Sig‘noq shahrini egalladi. 1379-yilda esa asosiy poytaxt Saroy shahri ham egallandi (Grigoryev A.P. Zolotoordynskie xany 60—70-x godov XIV v.: xronologiya pravleniy // Istoriografiya i istochnikovedenie stran Azii i Afriki: sbornik. — L., 1983. — Vyp. 7). 1380-yil To‘xtamish butun Oltin O‘rda davlatini birlashtirishga erishdi.1380-yilda Kulikovo maydonida Oltin O‘rdaning xonlaridan biri Mamay qo‘shinlari Moskva knyazligi knyazi Dmitriy Donskoy qo‘shindan mag‘lub bo‘ldi va Moskva Oltin O‘rdadan mustaqil bo‘ldi. Oltin O‘rdaga har yili to‘lanadigan boj to‘lanmaydigan bo‘ldi.
Mag‘lub bo‘lgan Mamay Qrimda joylashib oldi va Moskvaga qarshi yangi yurishga tayyorlanmoqchi bo‘ldi. Ammo To‘xtamishning Saroy shahrini egallashi ortidan bu ishni amalga oshirolmadi. 1380-yil Kalchik daryosi bo‘yida To‘xtamish va Mamay qo‘shinlari to‘qnashdi va jangda To‘xtamishning qo‘li baland keldi. Mamay esa Kaffa shahriga qochib ketdi va genuyaliklar tomonidan o‘ldirildi (Moskovskiy letopisnyy svod kontsa XV veka / Pod red. M.N. Tixomirova. M.—L., 1949, S. 205—211).
To‘xtamish Saroy shahrini egallab, o‘zini Oltin O‘rda xoni deb e’lon qilganidan keyin atrofdagi Rus knyazliklariga nomalar yuborib, to‘lanadigan o‘lponlarni bundan buyon unga to‘lashi kerakligini aytdi. Mamayni esa taxtni noqonuniy egallab olgan deb e’lon qildi. Jumladan, Moskva knyazi Dmitriy Donskoyga ham noma yuborib, unga Mamayni mag‘lub etgani bilan minnatdorchilik bildirib, bundan buyon to‘lanadigan bojni har doimgidek to‘lashi lozim ekanini uqtirdi. Mamay ustidan qozonilgan g‘alabaning esa bunga hech qanday ta’siri yo‘qligini ta’kidladi. Ammo knyaz Dmitriy elchilarga sovg‘alar berib qaytargan bo‘lsa-da, o‘lpon to‘lash va vassallikni tan olishdan bosh tortdi (Kargalov V.V. Rus i kochevniki / Gl. red. S.N. Dmitriyev, red. M.K. Zalesskaya. — M.: Veche, 2008. — s 353. — (Tayny Zemli Russkoy).
1381-yilda To‘xtamish 700 kishilik elchilar karvonini Oq Xo‘ja boshchiligida Moskvaga yubordi. Ammo karvon Moskvaga yetib bormadi. Shunday qilib, 130 yil mobaynida Oltin O‘rdaga qaram bo‘lib kelgan Moskva qisqa muddatli mustaqilligini qo‘lga kiritdi va Oltin O‘rda bilan muqarrar urush qarshisida qoldi.
Moskvaga yurish
To‘xtamish Moskvaga to‘satdan, hech kimga sezdirmasdan kirib bormoqchi edi va buning uchun qo‘lidan kelgan barcha harakatni qildi. Jumladan, 1382-yil Qozondagi barcha rus savdogarlari va mehmonlarni ushlab qamab qo‘ydi, mol-mulkini musodara qildirdi va Volga daryosini kesib o‘tish uchun kemalarini olib qo‘ydi.Volganing o‘ng qirg‘og‘iga o‘tganidan so‘ng, To‘xtamish qo‘shinlarini yashirincha Moskvaga qarab boshlab ketdi. Uning yurishidan o‘z vaqtida xabar topgan Nijegorod-Suzdal knyazi Dmitriy Konstantinovich o‘z o‘g‘illari Vasiliy va Semyon boshchiligida elchilarni yubordi. Ammo elchilar To‘xtamish oldiga faqatgina Ryazan chegarasiga yetib kelgandagina kelib qo‘shildi. Ryazan knyazi Oleg ham o‘z knyazligini qutqarib qolish maqsadida To‘xtamishni davlati chegaralarida kutib oldi va unga tobeligini izhor qildi. Shunday qilib, qo‘shinlar Ryazan chegarasidan aylanib o‘tib Moskvaga yurishni davom ettirdi.
To‘xtamishning yurishni sirli qolishi uchun qilgan tadbirlariga qaramay, Moskva bundan xabar topdi. Turli manbalarda kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Oltin O‘rda tarkibida yashaydigan xristianlar bu haqda Moskvani xabardor qilgan. To‘xtamishning kelayotgani haqidagi xabarlar Moskvaga yetib kelgach, shaharda sarosima boshlanib ketdi. Ko‘plab dvoryanlar, shu jumladan, knyaz Dmitriy Donskoy, mitropolit kiprianlar ham Moskvani tark etdi. Moskva himoyasi faqatgina shahar ahliga qoldi.
Shaharda tartibsizliklar boshlandi, ayrimlar shaharni tark etishni istasa, boshqalar uni himoya qilshni istar edi. Himoyachilar shahardan chiqib ketmoqchi bo‘lganlarni yo‘llarini to‘sib qo‘ydi, dvoryanlarga qarshi qo‘zg‘alon ko‘tardi. Shahar himoyaga tayyorlana boshladi. Shahar atrofida o‘rdaliklarga yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha narsani buzib tashladilar va yoqib yubordilar. Devorlar tepasida esa yonuvchi smola, qaynoq suv, toshlar, himoya shlemlari tayyorlab qo‘yildi.
Moskva qamali
23-avgust kuni To‘xtamish qo‘shinlarining old qismi Moskva devorlari oldiga kelib to‘xtadi. O‘rdaliklar shahar devorlariga yaqinlashib shaharda Dmitriy Donskoy bor yoki yo‘qligini so‘radi. Ularga rad javobi bo‘lgach, devordan uzoqlashib shahar atrofini ko‘zdan kechira boshladilar. Bu paytda esa shaharliklar cherkovlarda duolar qilayotgan edi. Yana bir qism aholi esa shahardan chiqib ketgan dvoryanlarning uylarining yerto‘lasini ochib asal va vinolarni olib chiqdi (Solovyov S.M. Istoriya Rossii s drevneyshix vremyon / S.M. Solovyov. — 2-e izd. — SPb. : Tovarishch. “Obshchestvennaya polza”, 1851—1879, S. 982).To‘xtamishning Moskvaga yurishi haqida bitilgan dostonlarda kelishicha, shaharliklar shu kuni mast bo‘lib qolguncha vino ichishgan. Mast bo‘lib qolgan shaharliklar shahar devorlari ustiga chiqib o‘rdaliklar ustidan masxara qilib kulishgan, har xil uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan.
24-avgust tunda To‘xtamishning asosiy kuchlari shahar darvozalari oldiga yetib keldi. Shahar qamali boshlandi. Shaharliklar o‘rdaliklarga kamondan o‘q yog‘dirdi, o‘z navbatida, o‘rdaliklar ham ularga qarata o‘q yog‘dirdi. Ko‘plab himoyachilar o‘ldirildi va devorga narvonlar qo‘yilib hujumga o‘tildi. Ammo himoyachilar o‘rdaliklar ustiga qaynoq suvlarni to‘kdi. Shuningdek, moskvaliklarda Bulg‘ordan keltirilgan miltiqlar ham bor edi. Shu kungi hujum besamar ketdi.
25-avgust kuni ham tinimsiz qamal davom etdi. Ammo bu safar ham Moskvaning mustahkam tosh devorlarini yorib kirishning imkoni bo‘lmadi. Shunday sharoitda To‘xtamishxon hiyla ishlatishga majbur bo‘ldi (Shefov N.A. Vse voyny mira. Drevnyaya Rus. Moskovskoye tsarstvo. Rossiyskaya imperiya. — M.: Veche, 2004, S. 84-85).
26-avgust kuni tongda Moskva darvozasi oldiga To‘xtamish elchilari keldi. Ular orasida Suzdal knyazining o‘g‘illari Vasiliy va Semyonlar ham bor edi. Ular shaharliklarga taslim bo‘lish evaziga jonlarini saqlab qolishni taklif qildi.
“Ulug‘ xon sizlarga rahm-shafqat tilaydi, chunki aybsizlar o‘limga loyiq emaslar. Chunki u sizlarga qarshi emas, balki Dmitriyga qarshi dushmanlik qilib urush bayrog‘ini olib kelgan. Siz shafqatga loyiqsiz. Xon sizdan boshqa hech narsa talab qilmaydi. Faqatgina uning oldiga knyazingiz hamrohligida sovg‘alar bilan va hurmat bajo keltirgan holda chiqing. Xon shunchaki shaharni ko‘rishni, u yerda bo‘lishni, u yerga kirishni xohlaydi. U sizga muhabbat va tinchlik ato qiladi, siz esa unga darvozalarni ochib bering”, — deya murojaat qiladi To‘xtamish elchilari moskvaliklarga.
Suzdal knyazining o‘g‘illari Vasiliy va Semyon ham buni tasdiqlab shunday deydilar: “Bizga ishoninglar, biz ham sizdek nasroniylarmiz va bunga qasam ichamiz”.
Shaharliklar darvozalarni ochdi va Moskvaning mudofaa vaqtidagi knyazi Ostey, ruhoniylar, dvoryanlar va oddiy odamlardan iborat hay’at tashqariga chiqdi. Ammo o‘rdaliklar ularni o‘ldirdi va himoyasiz qolgan shahar darvozlari orqali ichkariga kirdi. Shaharni ishg‘ol qilinib, unga o‘t qo‘yildi. Cherkovlardagi qimmatbaho buyumlar, knyaz xazinasi bo‘shatildi va olib ketildi.
Ko‘plab odamlar o‘ldirildi yoki qul qilib olib ketildi. To‘xtamish armiyasi katta o‘ljalar bilan ortga qaytdi. Qaytishda Vladimir, Zvenigorod, Mojaysk, Yuriyev, Lopasnya kabi shaharlarni ham talon-taroj qilib qaytishdi.
Oqibatlar va natija
Moskva qamali oqibatlari haqida turli manbalarda turlicha ma’lumotlar keladi. Masalan, vafot etganlar haqida ikki xil ma’lumotlar bor. Birida o‘lganlar soni 12 ming kishi deyilsa, boshqasida 24 ming deyiladi. Bunday raqamlar o‘lganlarni dafn etishga ajratilgan pullar orqali hisoblab chiqilgan. Dmitriyning buyrug‘iga ko‘ra har 80 ta murda uchun bir rubldan ishlatilgan va umumiy hisobda 150 yoki 300 rubl ishlatilgan. Tarixchi M.N Tixomirov manbalar bilan tanishish natijasida qamal arafasida shahar ahlining 20 ming kishi atrofida bo‘lganini hisoblab chiqqan va uning fikriga ko‘ra, vafot etganlar soni 12 ming atrofida va u buni ishonarli raqam deb hisoblaydi.Qochib ketgan Moskva knyazi Dmitriy shaharga qaytib keladi va uni qayta tiklashni buyuradi. Shu yili kuzda To‘xtamish elchilari Moskvaga tinchlik sulhi bilan keladi. 1383-yil 23-aprel kuni O‘rdaga o‘g‘li Vasiliyni yuboradi. Shuningdek, Dmitriy Mamay bilan bo‘lgan jangdan buyon to‘lanmagan ikki yillik o‘lponni ham to‘ladi va Moskvaning Oltin O‘rdaga bo‘lgan tobeligi qayta tiklandi. Tver knyazligi esa Moskvadan mustaqil bo‘ldi. To‘xtamish qo‘shinlariga rus askarlari ham jalb etildi.
1388-yilgi To‘xtamishning Amir Temurga qarshi jangida askarlarining bir qismi rus askarlaridan tashkil topganini tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy yozib qoldirgan. Shunday qilib, To‘xtamishning Moskva ustidan erishgan g‘alabasi natijasida Moskva yana 100 yil davomida Oltin O‘rdaga tobe bo‘lib qoldi.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)