Shvetsiyadan bo‘lgan 17 yoshli ekofaol Greta Tunberg bir yillik tanaffusdan so‘ng maktabga qaytishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Meduza.

“Akademik ta’tilim tugadi, yana maktabga qaytish qanday mazza”, — deb yozgan u o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Tunberg maktabdan ta’tilga chiqqani haqida 2019-yilning iyun oyida ma’lum bo‘lgandi. Ekofaol iqlimni himoya qilish borasidagi faoliyati sabab o‘qishida tanaffus olishga qaror qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Greta Tunberg 2018-yilda Shvetsiya parlamenti binosi yonida har juma kuni norozilik namoyishi o‘tkazishni boshlagan va hukumatdan iqlimni asrash bo‘yicha chora-tadbirlar o‘tkazishni talab qilganidan so‘ng mashhur bo‘lgandi.

2019-yilda bu kabi noroziliklar butun dunyo bo‘ylab yoshlar tomonidan o‘tkazilgan, Tunberg esa BMTning Nyu-Yorkda o‘tgan iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan anjumanida nutq so‘zlagan. 2019-yil oxirida Time jurnali shvetsiyalik o‘smir qizni “Yil odami” deb e’tirof etgan.