Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev Rossiya davlatida chiqindi yig‘ib, onasini boqqan shahrisabzlik 11 yoshli Islombekning oilasiga 20 million so‘m pul hamda Islombek va uning opasiga o‘quv qurollari sovg‘a qilgan. Bu haqda “Daryo”ga ma’lum qilgan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovning aytishicha, mazkur voqea “hokimning bir kuni” loyihasi doirasida amalga oshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Zoir Mirzayev “hokimning bir kuni” loyihasi doirasida 21-avgust, juma kuni Islombekning oilasi bilan ko‘rishib, ular bilan suhbatlashgan.
“Islombekning oilasiga 20 million so‘m moddiy yordamdan tashqari, oshxona mebeli, shuningdek, Islombek va uning opasi uchun o‘quv qurollari sovg‘a qilindi. Quvonarlisi, Zoir Toirovichining topshirig‘iga ko‘ra, oilaga yangi qurilayotgan uylarning boshlang‘ich to‘lovi to‘lanib, uy ham beriladigan bo‘ldi”, — deydi Ahror Sodiqov.
Eslatib o‘tamiz, Islombekning muhojirlikda chiqindi yig‘ib, onasini boqayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, oila yaxshi insonlar ko‘magi bilan O‘zbekistonga qaytgandi. Shundan so‘ng Islombekning otasidan onasi Shahnoza Jalolovaga undirilmay qolgan 5 million 270 ming 808 so‘m aliment pullari to‘liq undirilgandi.
Izoh (0)