O‘zbekistonda 16-avgust soat 23:30 dan 17-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 598 ta holat qayd etildi. 26-iyuldan so‘ng kunlik kasallanish holatlari biron marta 600 dan pasaymagandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinish soni 35 927 taga yetdi.
Yangi kasallanish holatlari
Yangi kasallangan 598 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:- Toshkent shahrida — 407 nafar;
- Toshkent viloyatida — 155 nafar;
- Samarqand viloyatida — 27 nafar;
- Andijon viloyatida — 5 nafar;
- Navoiy viloyatida — 4 nafar.
Toshkent shahrida 407 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyining 17 kuni ichida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (2-avgust) 325 kishida, eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda (9-avgust) 509 kishida COVID-19 qayd etildi. 1—17-avgust oralig‘ida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 7168 ta yangi holat aniqlandi. Poytaxtda aniqlangan kasallanish holatlari 21 791 taga yetdi. Bu 147 ta holat bilan eng kam kasallanish holati qayd etilgan hudud bo‘lib turgan Jizzax viloyatida aniqlangan bemorlar sonidan 148 baravar ko‘p deganidir.
Toshkent viloyatida 155 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). 17-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlarini Toshkent shahridan alohida bera boshlagandi. O‘shanda viloyatda 1678 nafar bemor bor edi. Bir oy ichida Toshkent viloyatida kasallikka chalinganlar 3 baravardan ham oshib ketdi. Hozirda viloyatda 5627 nafar bemor bor, bu O‘zbekiston bo‘yicha virusga chalinganlarning 15,6 foiziga teng.
Samarqand viloyatida 27 kishida COVID-19 aniqlandi. Oxirgi 8 kun ichida Samarqandda har kuni yangi bemorlar ro‘yxatga olindi, bu kunlarning yettitasida viloyat kunlik kasallanishlar soni bo‘yicha Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng uchinchi natijani qayd etdi. Bemorlarning umumiy soni bo‘yicha ham dastlabki uchlikning ketma-ketligi aynan shundaydir. Samarqand uchun avgust oyi eng ko‘p kasallanish holatlari qayd etilgan oy bo‘ldi. 17 kun ichida viloyatda 559 kishida kasallik aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 37 foiziga teng.
Andijon viloyatida 5 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda bir oy ichida (17-iyuldan beri) faqat 3 marta — 25-iyul, 8-avgust va 15-avgust kunlari yangi kasallanish holatlari aniqlanmadi. Hozir Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 1148 nafarga yetgan.
“Xabar.uz” nashrining xabar qilishicha, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 16-avgust kuni kichik qizining tavallud kuni munosabati bilan tadbir uyushtirgan. Ushbu tadbirda estrada xonandasi Munisa Rizayeva ham xizmatda bo‘lgan. Marosimda hokimning qiziga Gentra avtomobili sovg‘a qilingan.
Navoiy viloyatida 4 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda avgust oyida 62 kishida koronavirus qayd etildi, lekin ularning yarmidan ortig‘i sog‘ayishga ulgurgan. Hozirda viloyatda davolanayotgan bemorlar 17 nafarni tashkil etmoqda. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham bor edi. U iyul oyi oxiridan beri Toshkentda davolanayotgan edi. Nihoyat Qobul Tursunov COVID-19’dan sog‘ayishga erishdi. U yana o‘z ishini davom ettirishga kirishdi.
O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar
SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Toshkent viloyatida 2 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Vafot etganlarning 3 nafari ayol va 3 nafari esa erkak.Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 65 yoshli D.T. ismli ayol vafot etgan.
Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashagan 59 yoshli G.Ch. ismli ayol vafot etgan.
Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 52 yoshli A.E. ismli erkak vafot etgan.
To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 25 yoshli M.R. ismli ayol vafot etgan.
Beshinchi o‘lim. Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashagan 75 yoshli T.Yu. ismli erkak vafot etgan. SSV Toshkent viloyatida 3-avgustdan beri 17 kishi vafot etgani haqida xabar berdi. Hozirda viloyatlarda o‘limlar soni SSV hisobi bo‘yicha 28 taga yetgan.
Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 65 yoshli R.I. ismli erkak vafot etgan. SSV hisobi bo‘yicha Toshkent shahrida koronavirus asoratlaridan vafot etganlar soni 157 nafarga yetdi. Vafot etganlar soni bo‘yicha eng katta ko‘rsatkich Toshkent shahriga tegishli bo‘lsa-da, kasallanganlarga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan hudud Jizzax viloyatidir. Jizzaxda koronavirusga chalinganlarning 4 foizi vafot etgan.
Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 232 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 241 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 4109 nafar bemordan 593 nafari og‘ir, 178 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 5 kundan buyon kamaymoqda: 12-avgust kuni 1785 kishining ahvoli og‘ir bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 771 nafarga tushdi. Hozirda davolanishdagi bemorlarning 19 foizining ahvoli og‘irdir.
Kasallikdan davolanish
17-avgust kuni O‘zbekistonning 7 ta hududida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlardan 607 nafari sog‘aydi. Oxirgi 19 kun ichida 18-marta bir kunda sog‘ayganlar soni kunlik kasallanish ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lmoqda.Yangi tuzalganlarning
- 392 nafari Toshkent shahrida;
- 186 nafari Toshkent viloyatida;
- 7 nafari Andijon viloyatida;
- 7 nafari Navoiy viloyatida;
- 6 nafari Sirdaryo viloyatida;
- 5 nafari Namangan viloyatida;
- 4 nafari Xorazm viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.
Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.
Hozirda kasallik qayd etilgan jami 35 927 nafar bemordan 31 580 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 88 foizni tashkil etmoqda. Davolanish ko‘rsatkichi bo‘yicha ketma-ket to‘rtinchi kun rekord yangilanmoqda. Bir kun oldin bu ko‘rsatkich 87 foizni tashkil etgandi.
Ba’zi bemorlar juda tez tuzalishga muvaffaq bo‘layotganini qayd etish joiz. 11-avgustdan beri hozirgacha 4623 kishida koronavirus aniqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 4109 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Lekin davolanishi iyul oyidan beri davom etayotgan bemorlar ham bor. Misol tariqasida bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev va Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovni aytish mumkin. Ularda iyul oxirlarida koronavirus aniqlangandi. 17-avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov safari ortidan Karim Kamolovning vafot etgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Hokimning uyi atrofi ham tezkorlik bilan asfalt qilinayotgani, Hazrat Imom qabristonida obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani xabar qilingan. Viloyat hokimligi matbuot xizmati Karim Kamolovning vafot etganini rad qildi, ammo ahvoli og‘irligini tasdiqladi. Bukhara News kanali viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyevga asoslanib, “Karim Kamolovning ahvoli juda og‘ir, koma holatida” ekani haqida xabar berdi.
Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 3055 nafar. Farg‘onada 5, Jizzaxda 9, Navoiyda 17, Qashqadaryoda 18, Xorazmda 24, Surxondaryoda 27, Sirdaryoda 29, Qoraqalpog‘istonda 33, Namanganda 40, Andijonda 43, Buxoroda 74, Samarqandda 175 va Toshkent viloyatida 560 nafar bemor qoldi.
Izoh (0)