“Liverpul” hujumchisi Sadio Mane muxlislar talqiniga ko‘ra, Angliya Premyer Ligasining 2019/20-yilgi mavsumidagi eng yaxshi futbolchi deb topildi.
Professional futbol assosiatsiyasi (PFA) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada 28 yoshli senegallik futbolchi umumiy ovozlarning 41 foizini qo‘lga kiritgan. Kuchli uchlikdan esa “Manchester Siti” yarim himoyachisi Kevin de Bryuyne (27%) va Manening jamoadoshi Trent Aleksander-Arnold (17%) joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq de Bryuyne Premyer Liganing eng yaxshi futbolchisi, “Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Klopp mavsumning eng yaxshi murabbiyi, “qizillar” himoyachisi Trent Aleksander-Arnold esa mavsumning eng yaxshi yosh o‘yinchisi deb topilgandi.
“Liverpul” 2019/2020-yilgi mavsumda 30 yillik tanaffusdan keyin Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi. Musobaqa jadvalida “qizillar” eng yaqin ta’qibchisi “Manchester Siti”ni 18 ochkoga ortda qoldirdi.
Sadio Mane esa o‘tgan mavsumda Premyer Ligada 35 ta o‘yin o‘tkazib, 18 ta gol va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Mavzuga doir:
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)