1896-yil 17-avgust kuni oltin izlovchilar Jorj Karmak, Jim Skokum va Charli Dousonlar Alyaskadagi Klondayk daryosiga oqib tushadigan Bonanza Krik jilg‘asida sochilib yotgan oltin yombilarini topdi. Bu voqea XIX asr oxirida Alyaskada tartibsiz ravishda ommaviy oltin qazib olishni boshlab bergan – Klondayk oltin vasvasining boshlang‘ich nuqtasi edi. “Daryo” dunyoni egallagan oltin vasvasasi tarixi haqida hikoya qiladi.
Qirqinchi mildagi oltinlar
1867-yilda AQSh Alyaskani Rossiyadan sotib olgan,oradan yetti yil o‘tgach, Alyaskaning amerikalik mustamlakachilar tomonidan tizimli ravishda egallanishiboshlandi. 1874-yilda Jek Makkuesten va Alfred MeyolarAlyaskaning hozirgi Douson shahri yaqinida Fort-Relayans kompaniyasi uchun savdo punkti ochdi.Kompaniya kelajakda topiladigan oltinning ma’lum bir foizi evaziga konchilar uchun mo‘ynalar va oltin yuvib olishda kerak bo‘ladigan asbob-uskunalarni sotardi. Avvaliga bu yerlardan oltin topilmagan, shunga qaramay, savdo kompaniyasi o‘z ishini davom ettirgan. 1885-yilda esa ilk bor Styuart daryosida oltin topilgan va bu savdoning avj olishiga xizmat qilgan.
Bu kichik shov-shuvdan keyin kompaniya mo‘yna savdo shoxobchalarini yopib, konchilar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar savdosiga ko‘proq e’tibor qarata boshladi. Styuart daryosidagi oltin bir zumda tugagan bo‘lsa ham, tez orada oltin izlovchilar uni Fortimayl daryosidan ham topdi.
Fortimayl daryosi (Qirqinchi mil) Fort-Relayansdan qirq mil uzoqlikda joylashgani uchun ham ushbu nomni olgan. Fortimayl daryosi Yukon daryosiga quyiladi. Bu yerda oltin konlarining topilishi 1887-yilning qishida Yukon daryosi qirg‘oqlarida birinchi shahar – Forti-Maylning paydo bo‘lishiga olib keldi.
1895-yilda Fortimayl va Sikstimayl sohillarida 400 ming dollarlik oltin qazib olindi. Bu vaqtga kelib Fort-Maylda mingga yaqin konchilar yashar edi. Ajablanarlisi shundaki, shaharchada salun va do‘konlardan tashqari kutubxona va Shekspir klubi, San-Fransisko truppasi ishlaydigan opera uyi va hatto tamaki fabrikasi ham mavjud edi. Kanadaning oltin qazib olish joylarini ro‘yxatga olish idorasi ham aynan shu aholi punktida joylashgandi.
Oltin vasvasasining ilk belgilari
Ammo tez orada Forti-Maylga raqib topildi. Alyaskadagi Birch-Krik okrugida yangi oltin koni aniqlandi. Yangi topilgan oltin izlovchilar shahri Arktik doirada joylashganligi sababli “Circle City” (doira shahar) deb nomlangan. Ko‘plab oltin izlovchilar Cyorkl Citi’ga ko‘chib o‘tish uchun Forti-Maylni tark etdi. Biroq mintaqada hali ham haqiqiy oltin vasvasasi boshlanmagan edi.Oltin vasvasasining ilk uchqunlari mashhur oltin izlovchi Robert Xendersonning Yukon daryosiga quyiladigan Klondayk daryosiga oltin izlab borganidan keyin paydo bo‘ldi. U Klondaykning shimoliy qirg‘og‘ida bir nechta jilg‘alarni topdi va ularning birida juda katta miqdordagi oltinni to‘pladi. Xenderson bu joyni “oltin tub” deb atadi.
1896-yilning yozida Xenderson oziq-ovqat va kerakli materiallar g‘amlash uchunjanubga safar qildi. Qaytishda u Jorj Karmak va uning rafiqasi – hindularqabilasidan bo‘lgan Keyt Karmakni, uning akasi Jim Skokumni va jiyani Charli Doussonni uchratdi. Xenderson yordamchilarga muhtoj bo‘lgani sababli, o‘zining yangi tanishlariga Klondayk oltinlari haqida aytib berishga qaror qildi.
Karmakning o‘zi bu yangilikka unchalik qiziqmadi, ammo buoltin izlovchi bo‘lishni istagan Skokumning e’tiborini tortdi. U boshqalarni ham oltin izlash uchun borishga ko‘ndirdi va oxir oqibat Karmak, Skokum va Douson avgust oyida “oltin tub” sari yo‘lga tushishdi.
Eldorado
Avvaliga ular o‘sha yerda oltin yuvdi, so‘ng yanada quyi oqim tomon ketishdi. Birinchi oltin yombini kim topgani hozirgacha noma’lum. Ishtirokchilarning har biri voqea aslida qanday bo‘lganini o‘z talqinlarida aytib bergan. Ammo bu mashhur oltin parchasi 1896-yil 17-avgustda topilganligi aniq. Uning vazni bir unsiyaning chorak qismini tashkil qilib, bahosi o‘sha paytdagi narxlarda 4 dollar turadi.Suvga sho‘ng‘ib ko‘rgan qidiruvchilar oqimning tubida katta-katta oltin yombilarini topdi va ularni yig‘ishga shoshildi. Oradan ko‘p o‘tmay, ular vinchester miltig‘ining g‘ilofini oltin bilan to‘ldirishdi. Bu oqim esa keyinchalik Eldorado deb nomlanganligi ajablanarli emas.
Oltin izlovchilar yombilar topilgan joyga belgi qo‘yib, ushbu hududlarniro‘yxatdan o‘tkazish uchun Forti-Maylga yo‘l oldi. Dastlab kompaniya ofisidagilar Karmakga ishonmadi. Biroq u hayratda qolgan xizmatchilarga oltin bilan to‘ldirilgan qurol g‘ilofini ko‘rsatganida darhol ishonchsizlik yo‘qoldi.
Oltin haqidagi mish-mishlar Alyaskadagi konchilar jamoasi ichida yashin tezligida tarqaldi va sentabr oyiga kelib, Klondayk daryosi atrofidagi barcha yerlar ro‘yxatga olindi, bu yerda hech qanday bo‘sh joy qolmadi. Karmakning o‘zi esa bir oydan kam vaqt ichida 1 400 dollarlik oltin izlab topgan. Agar oltin kursi bo‘yicha bugungi narxlarga konversiya qiladigan bo‘lsak, bu 133 000 dollarni tashkil etadi.
Oltin vasvasasining boshlanishi
Biroq oltin haqidagi ma’lumotlar butun dunyoga tarqalishi uchun yana bir yil kerak bo‘ldi. 1897-yil iyunga kelib,“Ekselsior” va “Portlend” kemalari Klondaykdan yuklarni olib ketguniga qadar bu yerdan oltin eksport qilinmagan edi.1897-yil 15-iyulda “Ekcelsior” kemasi San-Fransiskoga yarim million dollarga teng oltin bilan kelib, omma orasida katta qiziqishuyg‘otdi. Oradan ikki kun o‘tgach, “Portlend” kemasi Sietlga yanada ko‘proq oltin olib kelganida, uni ham olomon kutib oldi. Gazetalar Klondaykning ajoyib boyligi haqida xabarlar berib, qiziqishni kuchaytirdi.
Kanada hukumati topshirig‘iga binoan Klondaykning oltinga boy hududida geodezik ishlar bilan shug‘ullangan Uilyam Ogilvining hisobotlari e’lon qilinganidan keyin bu haqiqiy shov-shuvga aylandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1896–1897-yillarning qishining o‘zida bu yerlardan 2,5 million dollarlik oltin qazib olingan.Oltin vasvasasi boshlandi.
Klondaykga borgan ko‘plab oltin izlovchilar amerikaliklar bo‘lib, ularning katta qismi1890-yillardagi moliyaviy inqirozdan aziyat chekkan insonlar edi. Jamiyatning turli qatlamlariga mansub bo‘lgan va ishidan ayrilgan odamlar oltin konlariga yo‘l oldi. O‘sha paytlar Klondaykda sobiq o‘qituvchilar, shifokorlar, o‘t o‘chiruvchilar, bankirlar va hatto davlat xizmatchilarini ham uchratish mumkin edi.
Bundan tashqari, moliyaviy muammolarga duch kelmagan bo‘lsa-da, oltin izlash sarguzashtlarini xohlagan, oltin vasvasasiga uchragan turli-tuman amerikaliklar, britaniyaliklar va avstraliyaliklar ham Klondaykga etib keldi. Hatto afsonalarga ko‘ra, Klondaykda o‘z oilasi va bolalarini tashlab, oltin qazib olish uchun kelgan bir nechta shaharlarning hokimlarini ham uchratish mumkin edi.
Qizig‘i shundaki, Klondaykga kelgan odamlarning yarmi oltin topish g‘oyasidan voz kechgan va o‘zlarini xavf ostiga qo‘ymaslikka qaror qilgan. Ammo oxir-oqibat mintaqaga kelgan ko‘plab malakali oltin qidiruvchilar tufayli g‘arbiy Kanada, Alyaska, AQSh va Kanadaning Tinch okeaniga tutash shimoli-g‘arbiy hududlarida faol iqtisodiy rivojlanish boshlandi.
Xulosa
Oltin qidiruvchilarning keskin oqimi tufayli Klondayk tez orada oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch keldi. Oltin eng arzon tovarga aylandi – hattoki tuz va oltinning narxi teng bo‘lib qoldi.Bu hududda ommaviy oltin qazib olish 1906-yilga kelib to‘xtab qoldi, aynan shu yildan boshlab mintaqada oltin qazib olishni katta kompaniyalar o‘z qo‘liga oldi. Ular qimmatbaho asbob uskunalar ishlatardi va bu yerda endi oddiy asboblar bilan oltin topish amrimahol edi.
Oltin vasvasasi tufayli bu yerlarda qanchadan qancha insonlar o‘z sog‘lig‘i va hatto umridan ayrildi, katta pul bor yerga esa tabiiyki kriminal elementlar ham kirib kela boshladi. “Aslida, biz oltinga biz egalik qilamizmi yoki oltin bizni egallaydimi, buni tushunish qiyin”, deyishgan edi 1700-yillarda Braziliyada bo‘lib o‘tgan oltin vasvasasi davrida. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...
Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)