UFC’ning yengil vazndagi chempioni Habib Nurmagomedov otasi Abdulmanap Nurmagomedovning vafotidan so‘ng ilk bor press-konferensiyada ishtirok etdi.

Foto: “RIA Novosti”

U 24-oktabr sanasida chempionlik kamari himoyasi uchun Jastin Getjiga qarshi jang qilishini ma’lum qilib o‘tdi.

Jang 24-oktabrga rejalashtirilgan. Abu-Dabida bo‘ladi. Avvaliga joy borasida bir to‘xtamga kelinmayotgan edi. Ammo keyin to‘qnashuvning “Jangchilar oroli”da bo‘lishi tasdiqlandi. Men allaqachon mashg‘ulotlarni boshlab yuborganman. Doimiy ravishda mashg‘ulot va sparring janglarini olib boryapman. Agar menda jarohat bo‘lmasa, doim mashg‘ulotlar zalidaman. Bu borada muammo yo‘q. Hatto bir yildan beri janglarda ishtirok etmagan bo‘lsam ham muammo yo‘q deb o‘ylayman. Dog‘istonda mashg‘ulot o‘tkazyapman. Agar qishloqqa borsam u yerda. Maxachqal’ada bo‘lsam o‘sha yerda shug‘ullanaveraman. 10-sentabr kuni Xavyer Mendes (murabbiyi) ham safimizga qo‘shiladi. U 45 kun (janggacha) yonimda bo‘ladi.

Habib Nurmagomedov, UFC chempioni

Eslatib o‘tamiz, Habibning otasi Abdulmanap Nurmagomedov 2020-yilning 3-iyul kuni koronavirus asoratlari natijasida vafot etgandi.

Ma’lumot uchun, Habib Nurmagomedov MMA’da hozirga qadar 28 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.