“Daryo” o‘tib borayotgan haftaning qizg‘in bahslariga sabab bo‘lgan tvitlarni diqqatingizga havola etadi.

Jurnalist nimadan nafratlanishini ma’lum qildi

“Qonni suyultiradigan dori. Toshkent shahridagi omborxonadan olingan surat. Vijdonsiz aptekachilar ombordan 45 ming so‘mdan olib, 250 ming so‘mgacha sotishdi. Hozir ham ustiga 3–4 baravargacha qo‘yishyapti. Odamzodning taqdiri ustidan soqqa qiladigan vatandoshlarim borligidan nafratlanaman”, – Xurshid Daliyev, “Kun.uz” nashri jurnalisti.

Hukumat xalqdan uzoqlashganda nimalar sodir bo‘ladi? Fikr sizdan!

“Prezident Mirziyoyev hukumat xalq bilan ijtimoiy tarmoqlarda aloqada bo‘lsin, deya undaganida Facebook cheklansin dedimi? Shunday murakkab davrda o‘zbekistonlik odamlar Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda fikr/ma’lumot almashib, axborot olishi, hukumat faoliyatini ham kuzatib borishidan davlat manfaatdor emasmi?”, – Navbahor Imamova, “Amerika ovozi” jurnalisti.

O‘zbekistonda liberal islohotlar finali

“Kuni kecha bir necha blogerlarning Telegram tarmog‘idagi akkauntini buzishga urinishlar bo‘lgani haqida yozishdi. Buni kim, nima maqsadda qilgani hozircha aniq emas, lekin buni bevosita OAV va blogerlarga, so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholash mumkin”, – Komil Allamjonov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi.

Ko‘p til bilish – shaxsning uchlanishiga sabab

“Ayrimlar uchun qiziq bo‘lishi mumkin, bir tildan ortiq tilda so‘zlashuvchilarda har bir tilda so‘zlashayotganda turli xil shaxsiyatlar bo‘ladi”, – Eladio Bobadila, Dyuk universiteti tarixchisi.

Atrof-muhitga hissa qo‘shayotgan dindorlar

Tailandning Khun Xan okrugidagi rohiblar o‘z ibodatxonalarini chiqitdan tozalashdan zerikib, ishlatilgan pivo bankalaridan ibodatxona qurishga jazm qildi. (Mark Fisher olgan rasm )”, – BBC’ning Quite Interesting  teleko‘rsatuvi Twitter sahifasi.

Anglofillarning xitoyofobiyaga qarshi zarbasi

“Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va AQSh bilan birgalikda Buyuk Britaniya ham Gongkongdagi saylovlarni qoldirilishi va muxolifatning adolatsiz tarzda saylovlardan mahrum qilinishi borasida jiddiy xavotirlarimizni ma’lum qildik. Hukumat asosiy qonunda kafolatlangan demokratik erkinliklar va huquqlar ta’minlanishini kafolatlashi kerak”, – Dominik Raab, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri.

Amerikaliklarga pand berayotgan Tramp

“Barchaga foydasi tegadigan Kongress qabul qilishi mumkin bo‘lgan qonunchilikdan farqli tarzda Tramp ijroiya qarorlari amerikaliklarning ehtiyojlarini qanoatlantirmayapti yoki sog‘liqni saqlash hamda iqtisodiy inqirozlar muammosini hal qila olmayapti”, – Dik Durbin, amerikalik senator.

Pichoq suyakka borib taqalganda Livan hukumati talvasasi

“To‘satdan harbiylar namoyishga chiqqan livanliklarga qarshi kuch ishlata boshladi. Men tasvirga olayotgan edim, harbiylar meni ham do‘pposlay boshladi va telefonimni olib otib yubordi. Harbiylar hamon namoyishga chiqqan livanliklarga nisbatan kuch ishlatmoqda”, – Aya Majzub, Xalqaro inson huquqlari tashkiloti tadqiqotchisi.

Dronlar O‘zbekistonda taqiqlanganini tushungandekman!!!

“Ayni paytdagi Minsk. Diktator qo‘rquvi shunday ko‘rinadi”, – Jorj Konstansa, bloger.

Gaz nasarolar va musulmonlarni kelishtirganda nima sodir bo‘ladi?

“Misr neft vaziri aytishicha, Misr-Gretsiya dengiz chegaralari kelishuvi sharqiy O‘rta Yer dengiz gaz istiqboliga hissa qo‘shadi va uglevodorodlar tadqiqotida yangiliklarni olib keladi”, – Maykl Tanchum, Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha siyosiy tahlilchi.

Erdo‘g‘on maqtanishga arziydigan siyosat

“Kechagi ma’lumotlarga solishtirganda bugun bizda koronavirusga chalinganlar soni past natijani qayd etmoqda. Goziyontepada koronavirusga chalinganlarning test tahlillari natijasi so‘nggi kunlarda 10 foizga pasaygani kuzatilmoqda. So‘nggi ikki kun mobaynida Turkiyaning 25 viloyatida koronavirusga chalinganlarni aniqlamadik”, – Faxreddin Ko‘cha, Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri.

Lukashenkoning liberallarga zarbasi shunday aks-sado beradi

“Svetlana Tixanovskaya bilan bir necha soat bog‘lanishga harakat qildim. Uning qayerda ekanini hatto uning jamoasi ham bilmaydi. Uning xafvsizligi borasida xavotirlar bor”, – Linas Linkyavichyus, Litva tashqi ishlar vaziri.

Butun dunyo o‘rnak olsa arziydigan hukumatlar

“Fiji va Yangi Zelandiya so‘nggi yuz kun mobaynida koronavirus bilan holat qayd etilmagan dunyodagi yagona mamlakatlar bo‘lib qolmoqda. Yangi Zelandiya hukumati va xalqi yaxshi harakat qildi. Fiji do‘stlaringiz ham sizning muvaffaqiyatingiz ortidan bormoqda”, – Frenk Bainimarama, Fiji davlati bosh vaziri.

Hech qachon chekinma, do‘stim!

“O‘z tengqurlarimga va sizning tengqurlaringizga nomam: Yetakchi bo‘lish uchun ulg‘ayishni kutish shart emas”, – Malala, afg‘onistonlik qizlar va ayollar huquqiy yetakchisi, Nobel mukofoti sovrindori.

Kim aslida kim ekani haqida….

“Bu haftada AQShda koronavirus bilan bog‘liq holat besh milliondan oshib ketdi. Va hanuz virusga qarshi milliy strategiya ishlab chiqilmagan. Tramp va uning ma’muriyati amerikaliklarni ishonchini suiiste’mol qildi”, – Kamala Xarris, senator.

Jahongir Ergashev tayyorladi.