Bosh prokuratura matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanida prokuratura xodimi noto‘g‘ri jarrohlik amaliyoti sabab vafot etgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan Lor Med Servis xususiy klinikasida noto‘g‘ri jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganligi sababli prokuratura xodimi vafot etganligi haqida xabarlar tarqalgan.

Aniqlanishicha, 2020-yil 30-iyul kuni soat 14:55 larda fuqaro Suhrob Turdiyev (1991-yilda tug‘ilgan) Zangiota tumanida joylashgan xususiy klinikada burun deformatsiyasi tashxisi bo‘yicha o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti davomida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Marhum Suhrob Turdiyev haqiqatan ham 2018-yil noyabr oyiga qadar prokuratura organlari tizimida ishlab kelib, Toshkent viloyati prokurorining buyrug‘iga asosan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan.

“Shifokor hibsga olinganligi haqidagi ma’lumot ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi prokuratura xabarida.