800 yil davomida musulmonlar qo‘l ostida bo‘lgan Ispaniya 1492-yilda qirol Ferdinand va uning rafiqasi Izabella tomonidan qayta egallandi. VIII asrdan buyon musulmonlar qo‘l ostida yashagan Ispaniyadagi yahudiylar o‘z hayotlarida shu paytgacha bo‘lmagan madaniy gullab-yashnashga erishdi. “Daryo” yahudiylarni bugungi Isroil davlati hududlariga yetaklagan sabablar haqida hikoya qiladi.
Xususan, ibroniy tili filologiyasi, she’riyat va yahudiy falsafasida kuchli rivojlanishga erishdi. Ispaniya qayta egallangach, hukmdorlar o‘lkani qaytadan nasroniylashtirishga bel bog‘ladi va musulmonlardan keyin yahudiy xalqi surgun qilindi. 1492-yil 2-avgust yahudiylar surguni kuni sifatida tarixda qolgan. Bugungi maqolada natijasi Isroil davlatining qurilishiga olib kelgan yahudiylarning Ispaniyadan surgun qilinishi haqida hikoya qilamiz.
Algambara edikti
Ispaniyada yashayotgan yahudiy xalqini mamlakatdan surgun qilishni hujjatlashtirgan Algamara edikti 1492-yil 31-mart kuni aragonlik Ferdinand va kastiliyalik Izabella tomonidan imzolandi. Hujjatga muvofiq yahudiylar Ispaniya yerlarini shu yilning 2-avgustiga qadar tark etishlari yoki katolik dinini qabul qilishlari lozim edi. Shu davr mobaynida ularga oltin, kumush va boshqa pullardan tashqari barcha mol-mulklarini olib chiqib ketishga ruxsat berildi hamda ular qirol himoyasiga olindi.Olimlar Ispaniyadan surgun qilingan yahudiylarning aniq soni haqida bir to‘xtamga kelmagan. Ba’zi tarixchilar 50 mingdan 300 minggacha yahudiy ko‘chib ketganini qayd etgan. Turkiyalik tarixchi Ester Benbassaning fikriga ko‘ra, Ispaniyadan ko‘chirilganlar 100 mingdan 150 minggachani tashkil qiladi va bu ancha aqlga to‘g‘ri keladigan raqamdir (Esther Benbassa, “La diaspora juive 1492”, dans Histoire, économie & société, année 1993, volume 12, no 12-3, lien p. 335-343, page 337).
Surgunlarning manzillari
Surgun qilingan yahudiylar dastlab qo‘shni Portugaliya hududiga ko‘chdi. Undan tashqari mag‘rib davlatlari, Usmonli, Italiya, Fransiya va Gollandiya kabi davlatlarga ko‘chib ketdi. 1497-yilda Portugaliya Ispaniya qirollari talabi bilan yahudiylarni mamlakatdan chiqarib yubordi. Keyinchalik Italiyadan ham yahudiylar chiqarib yuborildi.Yahudiylarni eng yaxshi qabul qilgan davlat Usmonli bo‘ldi. Eng ko‘p ko‘chib ketganlar ham aynan Usmonliga to‘g‘ri keldi. Sulton Boyazid II surgun qilingan yahudiylarga juda yaxshi muomala qildi. Ularni kamsituvchi har qanday harakatga o‘lim jazosini tayinladi. Ispaniyadan kelgan yahudiylar Usmonlining Patras, Negrepont, Tebes, Istanbul, Edirne, Nikopolis, Bursa, Smirna, Tokat va Saloniki shaharlaridan joy oldi. Ularga ham Usmonlida yashayotgan qolgan g‘ayridinlarga ko‘rsatiladigan muomala ko‘rsatildi. Yahudiy jamoalari o‘zlarining diniy rahbarlari tomonidaan boshqariladigan bo‘ldi.
Sefaradlar jamoasining eng yirik markazlaridan biri Saloniki bo‘ldi. 1478-yilda Salonikida birorta ham yahudiy istiqomat qilmaganini hisobga olsak, Usmonlining yahudiylarni qanday iliq qarshilaganini ko‘rish mumkin bo‘ladi. 1492-yilda Falastin hali Usmonli hududi hisoblanmas edi. Ammo yahudiylar jamoalari bu hududda kamchilik bo‘lib yashar edi. Mamluklar hukmronligi ostida bo‘lgan bu hududda bir necha yuz oila istiqomat qilgan bo‘lsa, Usmonli hukmiga o‘tganidan keyin 1517-yildan boshlab o‘n minglab yahudiylar Falastin hududiga kelib o‘rnasha boshladi.
Falastin Usmonli qo‘liga o‘tganidan keyingi dastlabki yillarda Quddus, Safed va Tiberya shaharlarida 10 ming yahudiy istiqomat qilgan (Trevor Mostyn et Albert Hourani, The Cambridge Encyclopedia of the Middle East and North Africa, page 186, Cambridge University Press, 1988). XVI asr o‘rtalariga yaqin birgina Safedda mingdan ortiq yahudiy oilasi istiqomat qilar, ulardan aksariyati Ispaniya yahudiylari edi.
Nega Usmonli saltanati?
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Nega quvg‘in qilinganlar, asosan, Usmonli saltanatini tanladi? Ularning Usmonliga intilishlarining sababi XV asr o‘rtalarida ashkinazi yahudiylarining ruhoniysi Isaak Sarfatining ashkinazi yahudiylariga qarata yo‘llagan nomasi edi. U nomasida quyidagilarni aytgan edi:“Sizlarga shuni ma’lum qilamanki, Usmonlida hech narsaga muhtoj bo‘lmaysiz va agar xohlasangiz siz uchun barchasi yaxshi bo‘ladi. Muqaddas yerga olib boradigan yo‘l esa Usmonli orqali ochiladi. Nasroniylardan ko‘ra, musulmonlar hukmi ostida yashash yaxshi emasmi?”
Ma’lumki, musulmon mamlakatlarida istiqomat qilgan g‘ayridinlar zimmiy deb atalib, ular jizya to‘lovi evaziga jonlari va mollarini omon saqlab, davlatning barcha vakolatlaridan foydalanib yashab kelgan. Sefaradlar bunday muomalani Ispaniyadagi hayotlari davomida ko‘rganliklari va Usmonli ham ayni shaklda zimmiylarga muomala qilgani sababli ham ko‘pchilik yahudiylar Usmonliga ko‘chishni ma’qul ko‘rgan.
Usmonlida ular shunchaki yashamadi, balki davlat ishlarida ham faol aralashib yurdi. Xususan, XVI asrning ikkinchi yarmida yahudiylar Usmonli siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynadi. Usmonli hukmronligi davrida XX asrgacha yahudiylarning Falastin diyoriga ko‘chishi davom etib keldi. XVII asrda Usmonli kuchsizlanib, yana qayta kuchlandi. Yahudiylarga qarshi harakatlar bo‘lib turgan bo‘lsa-da, ularning Muqaddas zaminga ziyoratlari davom etib keldi.
XVIII asr boshlarida Quddusdagi yahudiylar ming kishidan oshmas edi. Ammo Polsha, Marokash, Italiyadan davomli migratsiya natijasida yahudiylar soni oshib uch ming kishiga yetdi. XVIII asr oxirgi choragida Rossiya va Ukrainadan yahudiylar Safedga kelib o‘rnashdi. XIX asr o‘rtasida Quddusda 18 ming aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, shulardan besh ming nafardan ortig‘i yahudiylar bo‘lib, ularning 3 500 tasi Ispaniyadan kelgan Sefarad yahudiylarining avlodlari edi.
Usmonlida istiqomat qilayotgan yahudiy aholi o‘sha davrning boy yahudiy filantroplari tomonidan moliyaviy jihatdan ta’minlab turildi. Ulardan eng yiriklari Baron Edmond de Rotshild, Mozes Montefiori Haim va Mishkenot Shaananimlardir. Ularning ko‘magida Quddusda yangi yahudiy mahallalari tashkil qilindi.
Butun dunyoda tarqoq holda yashab, doimiy quvg‘inda yurgan yahudiy xalqi uchun davlat qurish g‘oyasini ilk bor venalik jurnalist, sionizm g‘oyasi asoschisi Teodor Herzl ko‘tarib chiqqan. 1896-yilda e’lon qilgan “Yahudiylar davlati” (Der Judenstaat) kitobida qurilajak davlatning mexanizmlarini ishlab chiqqan. U 1897-yilda Shveysariyaning Bazel shahrida birinchi sionist kongressini chaqirdi va o‘sha yerda Isroil davlati rejasini e’lon qildi.
Yahudiylar uchun bo‘lajak davlat uchun Falastin aynan mazkur kongress tomonidan tanlandi va kongress Isroil davlati tuzilgunga qadar 10 marta o‘tkazildi. Herzl Bazel kongressi haqida o‘z kundaliklarida quyidagilarni yozgan edi: “Agar Bazel kongressini qisqa qilib ifodalamoqchi bo‘lsam, shunday degan bo‘lardim: men Bazelda Yahudiy davlatini qurdim. Besh yildan keyin, balki 50 yildan keyin barcha buni ko‘rajak”.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, XVI asrdagi yahudiylarning quvg‘ini Sefarad jamolari tarixidagi eng muhim nuqta bo‘lib qoladi. Qayerga ko‘chsalar ham ularning yagona maqsadi Muqaddas zaminga borish edi. Aynan o‘sha davrdagi ko‘chishlar yahudiylarni bugungi Isroil davlati hududlariga yetaklagan sabablardan biri edi.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)