Dunyodagi eng yirik AG600 gidrosamolyoti dengiz uzra o‘zining birinchi parvozini muvaffaqiyatli yakunladi. Parvoz tasvirlangan tegishli video YouTube’dagi New China TV kanalida e’lon qilingan.

Foto: CGTN

Samolyot-amfibiya prototipining sinovlari Sariq dengiz qirg‘og‘ida joylashgan Sindao shahrida o‘tkazilgan. Bunga qadar uchish qurilmasi quruqlik va suv omborlari ustida parvoz qilgan.

FlightGlobal ma’lumotlariga ko‘ra, 50 nafargacha yo‘lovchi sig‘adigan AG600 ekipaji to‘rt kishidan iborat. AG600 qutqaruv ishlarini amalga oshirish va yong‘inlarni o‘chirishga mo‘ljallangan. Samolyotga to‘rtta Dongan WJ-6 turbovint dvigatellari o‘rnatilgan bo‘lib, uning parvozdagi maksimal og‘irligi 53,5 tonnani tashkil etadi.

AG600 amfibiya samolyoti birinchi marta 2017-yilning dekabr oyida parvoz qilgan. O‘zining birinchi parvozi vaqtida samolyot osmonda taxminan bir soat bo‘lgan. O‘shanda samolyot Chjuxay shahridagi aeroportdan Janubiy Xitoy dengizi qirg‘og‘iga uchib, qaytib yana shu aeroportga qo‘ngan.