Koronavirusga chalingan 80 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashagan 80 yoshli V.X. ismli ayolda 18-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
80 yoshli ayol SSV tomonidan o‘limi e’lon qilingan 97-bemor bo‘ldi. “Daryo” hisob-kitobiga ko‘ra, koronavirus asoratlaridan vafot etganlar soni 101 nafarga yetdi.
Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Biroq ushbu holatlar haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.
Izoh (0)