O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Siddiqov 21-iyul kuni Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (KAITJ) bosh direktorining o‘rinbosari Marvan Abdulloh al-G‘onim bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, videokonferensiya shaklida o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va KAITJ koronavirusga qarshi kurashish borasidagi, shuningdek, moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
KAITJ bosh direktorining o‘rinbosari koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash uchun 5,6 million dollar miqdoridagi jamg‘arma mablag‘larini yo‘naltirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tomonining taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, jamg‘armaning O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarda, xususan, qishloq hududlarida uy-joylar qurish, suv ta’minoti tizimini yaxshilash va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasidagi ishtiroki ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Yaponiya koronavirus oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekistonga 1,9 million dollar ajratgan, Kanada esa koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun 250 ming dollar ajratgandi.
Izoh (0)