17-iyul kuni “Davyergeodezkadastr” tizimidagi 9 nafar rahbar egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Shumanay, Taxtako‘pir, Beruniy, Ellikqal’a tumani va Nukus shahri, Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hamda Buxoro viloyatining Kogon tuman “Yermulkkadastr” korxonalari rahbar va xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.
“Davyergeodezkadastr” qo‘mitasida 10-iyul kuni respublika, viloyat va tuman miqyosidagi 7 nafar rahbar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi. Qo‘mita ishdan bo‘shatilgan xodimlar o‘z lavozimini suiiste’mol qilgani, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik va sovuqqonlik bilan yondashib, tizim idoralarida yetarli darajada ishni tashkil etmaganligi va eng asosiysi xalqning muammolarini chuqur o‘rganib yechim topmaganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 4-iyul kuni Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining yangi raisi Halilillo To‘raxo‘jayev jamoatchilikka murojaat qilib, kadastr sohasini shaffof, korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish uchun fuqarolardan yordam so‘ragan edi.
Halilillo To‘raxo‘jayev “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi faoliyatidagi muammolar, hal etilmagan ishlar, byurokratik to‘siq va g‘ovlarga duch kelayotgan, shuningdek, mazkur yo‘nalishni rivojlantirish, takomillashtirish bo‘yicha g‘oya va takliflarga ega o‘zbekistonliklar bilan ochiq muloqotga tayyorligini bildirgan.
Izoh (0)