O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) 18-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani, u Nukus shahridagi klinikada davolanayotgani haqida xabar berdi; vazirlik axborotida Yerniyazovda koronavirus alomatlari qachon kuzatila boshlangani, kasallik qachon tasdiqlangani ma’lum qilinmagan.
“Gazeta.uz” nashrining yozishicha, Musa Yerniyazov koronavirusdan davolanayotgani haqidagi dastlabki gap-so‘zlar iyul oyi boshida paydo bo‘lgan. Internet-nashr ushbu xabarlar yuzasidan 2-iyul kuni koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Nukusdagi shtab, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jo‘qorg‘i Kengesiga murojaat qilgan. Ularning bari bu kabi xabarlar haqiqatga mos kelmasligini ta’kidlagan.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 18-iyul kuni Qoraqalpog‘istonda bo‘lgan. SSV axborotiga ko‘ra, Nukusda “ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida” xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiya tashkil etilgan. Aynan shu videokonferensiyada Musa Yerniyazovning ahvoli ham tahlil qilingan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida ta’kidlanishicha, Musa Yerniyazovning ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Ayni vaqtda, Qoraqalpog‘iston koronavirus bilan bog‘liq eng murakkab vaziyat kuzatilayotgan hudud emasligi (masalan, Surxondaryoda vaziyat og‘irroq), Yerniyazovning davolanish uchun Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov kabi Toshkentga olib kelinmagani, koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq Toshkentdagi vaziyat nazoratini qo‘ldan chiqargani uchun “hayfsan” olgan vazir Shodmonovning birdan Nukusga borib, u yerda chet ellik mutaxassislar bilan videokonferensiya o‘tkazgani Qoraqalpog‘istonning 72 yoshli yetakchisi haqiqiy ahvoli borasida savollar keltirib chiqarmoqda.
Avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning koronavirusga chalingani bir necha kun yashirib kelingani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)