Rossiyaning “Spartak” klubi bosh direktori Shamil Gazizov “Ufa”ning 19 yoshli o‘zbekistonlik yarim himoyachisi Oston O‘runovga jamoaning qiziqish bildirayotgani haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
“Men uning imkoniyatlarini yaxshi bilaman, lekin biron bir narsa haqida gapirishga hali erta. Jamoaning chiziqlarini kuchaytirish lozim. U qanday futbolchi bo‘ladi, hozircha yaxshisi aytmayman. Pozitsiyalar haqida gapirishga hali erta. Kimnidir topsak, e’lon qilamiz.
Jamoa hali yosh, g‘alaba ta’mini his qilishi kerak. Biroz takomillashtirish ham zarur. Tajribali yoki yosh futbolchilarni sotib olishni klub bilan birgalikda hal qilamiz”, — deydi Gazizov.
Qayd etish joiz, Shamil Gazizov “Spartak”da ish boshlaguniga qadar “Ufa”da faoliyat yuritgan.
Avvalroq Oston O‘runovga Rossiya Premyer Ligasining bir yo‘la to‘rt klubi — “Zenit”, “Lokomotiv”, “Krasnodar” va “Spartak” klublari qiziqish bildirayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
“Ufa” Oston O‘runovni shu yilning fevral oyida o‘z safiga qo‘shib olgan. O‘runov Rossiya Premyer Ligasida 9 o‘yinda maydonga tushib, 2 ta sariq kartochka oldi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)