Futbol bo‘yicha Coca-Cola Superliga 9-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” — “Nasaf” uchrashuvidan (2:2) so‘ng mehmonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Har ikki jamoa ham o‘z saviyasiga yarasha o‘yin namoyish etdi deb o‘ylayman. Ikki marta hisobda oldinda borib, g‘alabani qo‘ldan chiqarish alamli bo‘ldi. O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Uchrashuv oxirida mezbonlar ham g‘alabani ilib ketishi mumkin edi. G‘alabani ushlab qola olmaganimiz, biz uchun muvaffaqiyatsizlik bo‘lishi mumkin. Lekin yuqorida ta’kidlaganimdek o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Bu yil Qo‘qonda juda yaxshi jamoa shakllangan.
Aytishimiz kerak, har ikki golda ham darvozabonlarimiz xato qildi. Biz bunday xatolarni kutmagan edik. Birinchi goldan keyin Mashhurni almashtirdim. Ammo uni o‘rniga tushgan Abduvohid ham to‘pga otilishda xato qildi.
Boshlang‘ich tarkibda uchta o‘zgarish qilishimizning asosiy sababi ayrim futbolchilarimizning jarohati bor edi. Qolaversa, yoshlarga imkon berishga harakat qilpyamiz. Aliqulov biroz betob edi, o‘zini yomon his qildi. Rahmatullayevni o‘rniga esa Akmal Mozgovoyni tushirdik, Akmal yomon o‘ynamadi va uchinchi o‘zgarish Bobur Abduxoliqov bilan bog‘liq. Bobur barcha o‘yinlarda maydonga tushib kelmoqda va unda charchoq alomatlari sezilmoqda, yana uni natijalari ham qoniqarli emas. Oxirgi o‘yinlarda yoshlarga ishonch bildirishda davom etyapmiz. Akmal “Metallurg” bilan o‘yinda g‘alaba to‘pini kiritdi.
Mashg‘ulotlarni salqin paytda o‘tkazish mumkin. Lekin rasmiy o‘yinlarda bunday qilib bo‘lmaydi. Yoz oyida o‘ynash oson emas. Issiqda o‘ynash futbolni tempini pasaytiradi. Ammo bu vaqtinchalik holat deb o‘ylayman. Hozir vaziyat shunaqa. Qolaversa o‘yinlar muxlislarsiz ham bo‘lmoqda. Ammo o‘yinlarning televizor orqali jonli namoyish etilayotgani ham muxlislarga manzur bo‘lmoqda. Jangovar o‘yindan muxlislar zavq oldi, deb o‘ylayman.
Ha, bizda har yili ikkita yoki uchta Oston O‘runovga o‘xshagan futbolchilar chiqyapti. Oston Rossiyada, Jasur Yaxshiboyev Belarus chempionatida o‘zini ko‘rsatmoqda. Aziz G‘aniyev ham hali amirliklarda o‘zini ko‘rsata oladi. Uni imkoniyatlarini bilaman. Yoshlarga ishonish kerak. Bo‘lmasa qolib ketaveradi. Masalan, kecha “Paxtakor” bilan o‘yinda OKMK safida maydonga tushgan yosh futbolchi (Hojimat Erkinov — izoh “Daryo”) yomon taassurot qoldirmadi. Bundan qo‘rqish kerak emas, yoshlarga ko‘proq imkoniyat berish kerak, deb hisoblayman. Bu ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini ortiradi”, — deya Berdiyev so‘zlarini keltirmoqda “Championat.asia”.
Mazkur natijadar keyin “Nasaf” 16 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. “Ajdarlar” keyingi utrda “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)