AQShda 13-iyul kuni 2003-yildan beri ilk bora federal qamoqxonada o‘lim jazosi ijro qilingani haqida xabar berilgandi. AP nashri mahbus 47 yoshli Daniel Lyuis Lining o‘limi oldidan ham aybdor emasligini aytib vafot etganini ma’lum qildi.
Indiana shtatidagi federal qamoqxonada 1999-yili bir nechta moddalar, xususan, Arkanzasda uch kishidan iborat oilani o‘ldirgan jinoyatchiga tayinlangan jazo hukmi ijro qilingan.
AP’ning qayd etishicha, Li — ultrao‘nglar guruhi a’zosi bo‘lgan. Qatl qilinishi oldidan: “Men bu ishni qilmaganman. Siz begunoh odamni o‘ldirayapsiz”, — degan.
Federal darajadagi jinoyatlar uchun (jumladan, giyohvand moddalar, qurol savdosi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va ularni o‘g‘irlash) o‘lim jazosi tayinlanishi haqida AQSh adliya vazirligi 2020-yil iyun o‘rtalarida ma’lum qilgandi. Iyul va avgust oylarida yana uch jinoyatchiga nisbatan o‘lim jazosi ijro qilinadi.
2003-yildan beri AQShda o‘limga sabab bo‘ladigan inyeksiyalar qoidalarida kelishilmagan jihatlar borligi sababli jinoyatchini qatl qilish jazosi amalga oshirilmay kelayotgandi. Federal darajadagi o‘lim jazolari hukmi chiqarilishi esa davom etayotgandi.
AQShning ayrim shtatlarida ham shtat darajasidagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi tayinlanadi va ijro qilinadi. Death Penalty Information Center ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda o‘lim jazosi Alabama, Jorjiya, Tennessi, Florida, Missuri, Janubiy Dakota shtatlarida ijro etilgan. Deyarli barcha mahkumlar (22 nafar) tanaga inyeksiya yuborish yo‘li bilan o‘ldirilgan.
2019-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda 2600 dan ortiq mahbus o‘lim jazosiga hukm qilingan. Federal doirada esa 62 kishiga shunday jazo turi tayinlangan.
Izoh (0)