Yaponiyadagi garajlarning biridan 1995-yilda ishlab chiqarilgan Toyota Supra modeli topildi. Afsonaviy avtomobil 20 yildan ortiqroq harakatsiz turgan bo‘lib, hozirda qayta tiklash uchun yuborilgan, deb xabar beradi Motor.
Toyota Supra Castrol TOM’S Yaponiyaning dunyoga mashhur poyga avtomobillaridan biri hisoblanadi. Model 1995-yilgi All Japan GT chempionatida debyut qilgan. Muhandislar uni Nissan Skyline GT-R’ga — 1990-yillar poygalarining asosiy yetakchisiga raqobatchi qilib yaratishga intilgan. Ular o‘z g‘oyasini amalga oshirish uchun Supra’ga 493 ot kuchi va 600 Nm aylanuvchi momentga ega 2,0 litrli turbomotor o‘rnatgan. Bu Toyota 1995-yilgi chempionatda g‘olib chiqishi uchun yetarli bo‘lgan.
Avtomobil 1998-yilda so‘nggi bor poygada ishtirok etgan va shundan so‘ng qayerga “yo‘qolgani” noma’lumligicha qolgan. Modelni yaponiyalik muhandislar Tyugokudagi garajlarning biridan topishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, mashina 22 yil harakatsiz turgani sabab, u ta’mirtalab holatga kelib qolgan.
TOM’S Racing kompaniyasining yaponiyalik muhandislari mashhur poyga avtomobilini qayta tiklash uchun kraudfanding kampaniyasini boshlab yuborgan. Hozirga qadar 9 ming dollardan ortiq mablag‘ yig‘ilgan bo‘lib, avtomobilni poyga trassasiga qaytarish uchun 466 ming dollar kerak.
Izoh (0)