Qashqadaryoda koronavirusga chalingan 56 yoshli erkak yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, Qarshi tumanida yashovchi 56 yoshli B.V.da 5-iyul kunidan 10-iyulgacha tana harorati ko‘tarilib, holsizlik kuzatilgan. 11-iyul kuni esa tana harorati tushmay, holsizlik va yo‘tal kuchayganligi hamda nafas yetishmovchiligi belgilari paydo bo‘lganligi sababli COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan.
Bemor og‘ir ahvolda viloyat Ftiziatriya va pulmonologiya markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, 13-iyul kuni O‘zbekistonda koronavirusdan 63-o‘lim holati qayd etilgandi. 13-iyulda vafot etgani xabar qilingan bemorlarning uchovi ham Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga davolanishga o‘tkazilgan bemorlar (Shayxontohur tumanida yashovchi 67 yoshli M.T. ismli ayol, Uchtepa tumanida yashovchi 65 yoshli S.Q. ismli ayol hamda Toshkent shahrida yashovchi 60 yoshli B.E. ismli erkak) ekani aytilgan edi.
Izoh (0)