O‘zA direktori o‘rinbosari, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev “Ular” loyihasidagi intervyusida 2014-yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovlar haqida so‘zlab berdi.

Foto: “Ular” ko‘rsatuvidan skrinshot

Ta’kidlanishicha, Xushnudbek Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani 119-saylov okrugidan o‘z nomzodini qo‘ygan. Saylov yakunida esa katta ehtimol bilan g‘alaba qozonishi kutilayotgan huquqshunos mag‘lub bo‘lgan. Shundan so‘ng Xushnudbek ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifalarini o‘chirib tashlagan. Keyinchalik u Chiroqchi tumani hokimi bilan yoqalashgani haqidagi mish-mishlar tarqalgan.

Xushnudbek o‘sha saylov jarayonini eslab quyidagilarni gapirib berdi.

“O‘sha paytdagi saylov tizimida nima bo‘lgan bo‘lsa, shu bo‘lgandi. 4,8 foiz ovoz olgan amaldagi deputatni o‘tkazishgan. Men o‘zim necha foiz ovoz olganimni bilaman. Har holda meni ovozim 50 foizdan ko‘p bo‘lgan o‘shanda… Hokim bilan ko‘rishganman, viloyat hokimi huzuriga borib kelganman. Aka-uka bo‘lib qolaylik, sizga ham yordamimiz tegar, mening aybim yo‘q degan”, — deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Xushnudbek o‘sha vaqtdagi tarqalgan turli gap-so‘zlarni mish-mish ekanini aytdi.

“Xushnudni uribdi, kasalxonaga tushib qolibdi degan, Xushnud qochib xorijga ketib qolibdi yoki Xushnud joyini 50 millionga sotibdi degan mish-mishlar ‘bolalagan’”, — deydi huquqshunos.

Xushnudbek mazkur saylovlarda yutib chiqmaganidan xursandligini ham aytib o‘tgan. Uning fikricha, agar deputat bo‘lganida tili sabab ko‘p muammoga uchrashi va karyerasi hamda oilasi uchun bu xavfli bo‘lishi mumkin edi.