“O‘zgidromet”ning xabar berishicha, 13-iyuldan boshlab haftaning oxirigacha O‘zbekiston hududidagi ob-havoni atmosferadagi past bosimli maydon belgilaydi. Bunday holat uchun odatda chilla davrida kuzatiladigan juda issiq havo xosdir.
Iyunning oxirida va iyulning boshida kuzatilgan nisbatan qulay haroratlardan so‘ng mamlakat aholisi bu haftada respublikaga Turkmanistondan kiradigan haqiqiy yoz issig‘ini his qiladi.
Shu kunlarda harorat kechasi 21-24 daraja iliq, kunduzi 37-40 daraja issiq atrofida bo‘ladi, respublika shimoli, janubi va cho‘l zonasida 42 darajagacha ko‘tariladi.
“Bu yoz avji uchun xos bo‘lgan me’yoriy ko‘rsatkichlardan 4-6 darajaga yuqoridir, biroq bunday haroratlar bizda deyarli har yili kuzatiladi”, — deyiladi xabarda.
Mamlakatning butun tekislik qismida kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat tog‘li va tog‘oldi hududlarda 13-iyuldan 15-iyulgacha qisqa muddatli momaqaldiroq bo‘lishi, yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor, yog‘ingarchilik asosan kunning ikkinchi yarmida konvektiv bulutlar rivojlanganda kuzatilishi mumkin.
Respublika bo‘yicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi hamda chang ko‘tarilishi mumkin.
Izoh (0)