Atigi bir oy burun koronavirus borligiga shubhalangan, “tanishlarimning tanishi orasida ham virus yuqtirganlar yo‘q”, deb qarashlarini “asoslagan”lar bugun sarosimaga tushdi. Chunki tanigan-bilgan odamlarimiz virus yuqtirib oldi. Koronavirus quturgandan quturmoqda. Dayjestimizning asosiy mavzusi yana makkor virus.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi sobiq direktori, “FFF nazariyasi” bilan e’tibor qozongan jurnalist Said Abdulaziz Yusupov 8-iyul kuni hibsdan ozodlikka chiqdi. U 2019-yilning 10-may kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan ayblanib, qo‘lga olingan edi. Yusupovning advokatining aytishicha, mijozi yetkazilgan zararni qoplagani uchun ozodlikka chiqarilgan. Hozir Yusupov rahbarlik qilgan jamoat fondi faoliyat ko‘rsatmayotgani aytiladi.
* * *
COVID-19 infeksiyasini nazorat qilish tobora qiyinlashmoqda. Shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib ketdi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov televideniyega bergan intervyusida vaziyatni tan olib, “Lekin kasallik avj oladigan bo‘lsa, tibbiyot tizimi og‘ir vaziyatga tushib, boshqa yo‘nalishdagi yordamlar to‘xtab qolishi mumkin. Shuning uchun hozir hammamiz teng harakat qilib, kasallik tarqalib ketishining oldini olib, og‘ir bemorlar sonini, shifoxonalarga tushadiganlarni kamaytirishimiz kerak”, deb aytdi. Shodmonov, shuningdek, koronavirus tarqalishi eng yuqori cho‘qqisiga chiqmaganini aytgandi.
8-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev koronavirus masalasida mamlakat aholisiga murojaat qildi va “bu juda murakkab sinov va og‘ir kurash bo‘ladi”, dedi. Prezident joylarda karantin talablariga rioya qilinmayotganligini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi. 10-iyuldan to‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlandi, avtotransport harakati cheklandi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopildi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartirildi, koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etildi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi “qizil” bo‘ldi. Darvoqe, 20 kun ichida rejalashtirilgan to‘ylarning barchasi 9-iyulda o‘tkazib yuborilgani mamlakatimizda g‘aroyib shodiyona ruhini yaratdi.
Bu orada koronavirus O‘zbekiston internet olamining bir qator vakillariga, hukumat mansabdorlariga yuqib ulgurdi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganini ma’lum qildi va internetdagi sahifasi orqali tuzalishga oid maslahatlarini berdi. Adliya vazirining maslahatchisi Shahnoza Soatova Telegram-kanalida “Yarim kun SES eshigida sarg‘ayib, test topshirolmay qaytdim. Zarurmi shu test menga, bo‘ldi, o‘zim uchun qaror qildim, menda katta ehtimol bilan COVID-19”, deb yozdi va oilasida barcha isitmalaganini eslab o‘tib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarata qator tanqidlarini bayon qildi.
O‘rtasaroy karantin majmuasidagi fuqarolar belgilangan muddat yakuniga yetgan bo‘lsa-da, uyga ruxsat berilmaganini aytib norozilik videosini tarqatdi. Video muallifi karantinda saqlanayotgan fuqarolarning savollariga hech kim javob bermayotganini aytadi. “Yigirmanchi (iyun) kuni keldik. Bugun 18 kun bo‘ldi. Kecha tushlikdan beri hech kim bizga ovqat bergani yo‘q. Bolalarimiz bilan och yotibmiz. Qachon bu yerdan ketamiz? Kimga uchrashsak bo‘ladi?”, — deydi videoda karantin darvozasini tepayotgani ko‘ringan ayollardan biri. Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari majmuaga borib, hammasi yaxshi, deya izoh berdi.
Ayni vaqtda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Mablag‘lar qanday maqsadlarga sarflanayotganligini infografikadan ko‘rishingiz mumkin.
Koronavirusga qarshi ko‘chalarni dezinfeksiyalash va dezinfeksion tonnellar orqali mashinalarni o‘tkazish orqali kurashilmoqda. Biroq bu usullardan samara yo‘q yoki juda ham ozligi bot-bot aytilmoqda. Bu bo‘lmasa qaysi usulni qo‘llash kerak? Faqat shaxsiy gigiyena talablariga qat’iy rioya etish va masofa saqlash orqali odam o‘zini virusdan saqlash mumkin.
11-iyul kuni antirekord yangilandi —486 kishida koronavirus aniqlandi. Yangi bemorlar: 391 nafari — xorijdan kelgan (karantin muassasalarida), 95 nafari — aholi orasida. 2020-yil 12-iyul kuni ko‘rsatkich biroz past bo‘ldi — 484 kishida virus aniqlandi. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 12 997 tani tashkil etmoqda.
* * *
Xususiy maqomdagi Akfa universitetiga Qibrayda eng qimmat joydan tekinga 30 gektar yer maydoni ajratib berilayotgani bu hafta jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. Bo‘lg‘usi universitetda o‘qish pulli hisoblanadi. Oddiy yer uchastkasining bir sotixi 7 ming dollar turuvchi hududdagi yer tekinga berilishi jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otdi. Ushbu mavzuni bloger va iqtisodiyot mutaxassisi Barnogul Sanaqulova ommaga ko‘tarib chiqishi ortidan unga instagram taniqlilari, xususan, aktrisa Halima Ibragimova “krugozorni kengroq oling”, deya tanbeh berishga tushdi. Shou-biznes vakillari Akfa universitetini yoqlab, xalqqa keltiradigan foydasi haqida tushuntirishga urindi. Shunga qaramay, xalqqa foydali, biroq ijarada o‘tirgan ko‘plab tashkilotlar, nashriyotlar, o‘quv markazlari mavjudligi hech kimga sir emas. Shunday holatda Akfa universitetiga mo‘may imtiyoz taqdim etilishi va shou-biznes yulduzlari tomonidan himoyaga o‘tilishi kishida shubha uyg‘otadi. Davlat aktivlari savdosining bu qadar jadallashuvi oqibatlarini o‘ylash foydadan xoli emas.
Dayjestimiz so‘ngida koronavirus infeksiyasi tibbiyot tizimimizni falajlashiga juda oz qolganini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Eksponensial ravishda o‘sib borayotgan virus tarqalish grafigiga boqing, har kuni yangilanayotgan antirekordlarni, kuniga 3-5 tadan o‘limlarni yodda tuting. Virus tarqalishini to‘xtatish sizning qo‘lingizda. Niqob taqing. Uyda qoling.
Izoh (0)