“Daryo” AQSh—Iroq urushi sanasi munosabati bilan MRB rahbari Jorj Tenetning Iroq urushida tutgan o‘rni, faoliyati va uning MRB rahbarligidan ketishiga sabab bo‘lgan voqea tafsilotlari haqida hikoya qiladi.
Jorj Tenet qisqacha tarjimai holi
Jorj Tenet Nyu-Yorkning Kvins rayonida albaniyalik grek migrantlari Yevangeliya va Jorj Tenet xonadonida dunyoga keldi. Jorj Tenet bolaligida ko‘p maktablarda o‘qidi va tez-tez maktablarni almashtirishga to‘g‘ri keldi. O‘quvchilik paytida otasi ochgan kafeda buyurtma taomlarni yetkazib berish bilan ham shug‘ullandi.Tenet bolalik chog‘laridan basketbolning muxlisi edi va butun umri davomida sportning mazkur turiga muhabbatini saqlay oldi. Oilaviy biznes oila rahbarining o‘gillariga yaxshi ta’lim berishi uchun foyda berdi. 1976-yilda Jorj Tenet Jorjtaun universitetida bakalavr darajasiga ega bo‘ldi. Keyinchalik, Kolumbiya universitetida xalqaro tadqiqotlar sohasida magistrlik darajasiga ega bo‘ldi.
1992-yilda Bill Klinton AQShning prezidenti etib saylandi. Bill Klintongacha demokratlar hokimiyat tepasiga kelmaganiga 12 yil vaqt bo‘lgandi. Bill Klinton boshqarayotgan ma’muriyatda kadrlar tanqisligi kuzatilardi. Klinton o‘z diqqatini Kongressga tikdi. Shu tariqa Tenet 1993-yilda siyosiy karyerasi davomida AQSh Milliy xavfsizlik dasturining razvedka dasturi katta direktori bo‘lib tayinlanadi.
Klinton MRB direktori Jon Doychni iste’fosini qabul qilgach, mamlakatning eng muhim davlat idorasining o‘rinbosari lavozimiga Jon Tenetni tayinlaydi. Tenet egallagan lavozim nozik va o‘ta mas’uliyatli lavozim edi. Hattoki MRBni tashkil qilishda asosiy shaxs bo‘lgan Allen Dalles ham 1961-yilda Kubadagi muvaffaqiyatsizlik sababli bu lavozimdan ketishga majbur bo‘lgandi.
1995-yil yanvarida esa Jeyms Vulsi Moskvada MRB agentining oshkor bo‘lishi natijasida razvedka tashkilotida ikki yil ishlay ishlamas mansabidan olinadi. 2000-yilda Moskvaga rasmiy tashrifi chog‘ida xalqaro turizmning oldini olish borasida muhokamalarni olib boradi. Associated Press matbuot agentligi Tenet nima uchun Moskvaga rasmiy tashrif buyurgani tafsilotlari noma’lumligicha qolgani haqida xabar tarqatgandi.
Iroq—Amerika urushining boshlanishi: Tenet aybdormi?
2003-yilning 20-mart sanasida AQSh qo‘shinlari BMTning №687 va 1441 qarorlari natijasida Iroq poytaxti Bog‘dod shahrini ishg‘ol qilish amaliyotini boshladi. Iroqqa nisbatan boshlangan harbiy amaliyotlar uchun go‘yoki Saddam Husayn hukumatining xalqaro terrorchilarni, “Al-Qoida” terrorchi tashkilotini qo‘llab-quvvatlaganlik va ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘q qilish sabab qilib ko‘rsatildi. Maqsad vositalarni oqlaydi deganlaridek, “Iroq ozodligi” harbiy amaliyotida AQSh 466 985 askarlari va zobitlarini harakatga keltirdi.O‘sha davrda AQSh bosh razvedkachisi Jorj Tenet edi. 2000-yilda prezident Klinton hokimiyatni kichik Jorj Bushga topshirish oldidan Tenetni o‘z lavozimida qoldirishni tavsiya qiladi. Bush esa Klinton tavsiyasiga amal qiladi. Jorj Bush prezidentlik vakolati vazifalarini bajarishga kirishar ekan, MRB har qanday “qutqular”ga xayrixohlik ko‘rsata boshladi.
Bu esa MRB rahbariyatini yanada katta xatolarga yo‘l qo‘yishga olib keldi. Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari zaxirasi mavjud degan notog‘ri tasavvur aynan AQShning Iroqqa bostirib kirishi uchun qo‘l keldi. Tenet Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari, bakteriologik qurollar bor degan “fakt”larni asosan Iroqdan Yevropa, AQShga qochib o‘tgan Saddam Husayn hokimiyatiga qarshi bo‘lgan muxolifatchilarning ko‘rsatmalari asosida qo‘lga kiritadi.
Taqdirning hazilimi, bu keyinchalik Tenetga va umuman AQShning xalqaro siyosatda sharmanda bo‘lishiga olib kelgan siyosiy mojaroga olib keldi. Yana bir jihat shuki, MRB qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni yetarli darajada asosli deb baholab, ularni obdon tahlil qilishga ahamiyat qaratmadi. Saddam Husaynning raqiblari esa MRB nazarida “persona grata” tasavvurini uyg‘otish uchun ham ba’zan chin, ba’zan soxta ma’lumotlarni bosh razvedka tashkilotiga tiqishtira boshladi.
Kelishgan Jorj Tenet esa ma’lumotlarni AQSh siyosiy elitasi oldiga dasturxon qilib, qimmatli ma’lumotlar sifatida sochaverdi. AQSh siyosiy elitasining anchayin bosiq bo‘lgan siyostchisi Kolin Pauel ham Tenet keltirayotgan ma’lumotlarning to‘g‘ri ekaniga ishonmaslikdan boshqa iloji yo‘q edi. 2003-yil fevral oyida BMT xavfsizlik kengashida Iroqning ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqarayotgani borasida ma’ruza qiladi.
Keyinchalik, Kolin Pauel Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari topilmagani yuzasidan matbuot anjumanida AQSh qo‘lga kiritgan ommaviy qirg‘in qurollari haqidagi ma’lumotlar aniq emasligi, bir qator atayin adashtirishga uringan ma’lumotlar bilan sug‘orilganini ta’kidlaydi. Kolin Pauel AQShning nufuzli vazmin siyosatchisining tomchilab yiqqan obro‘siga dog‘ tushgandi. Aynan shuning uchun ham Kolin Pauel Jorj Tenetni kechira olmasligini tushunsa bo‘ladi.
Tenet yo‘l qo‘ygan xatosi uchun kichik Jorj Bush uni ayblamasligi mumkin edi. Biroq ichki va tashqi siyosiy bosim AQSh rahbariyatiga Iroq voqealarida balogardon bo‘lgan barcha aybni to‘nkarish mumkin bo‘lgan shaxsga muhtoj edi. Bu prezidentni ham ortiqcha bosimdan qutqarar, turli gap-so‘zlarga chek qo‘yardi. Tenet esa ana shunday shaxs vazifasini o‘tadi, deb eslaydi CNN axborot agentligining milliy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullangan Devid Ensor. Tenet ham president shaxsi barcha ayblovlardan holi bo‘lishi uchun ham barcha aybni o‘z zimmasiga olardi.
Tenet uchun katta siyosat sahnasidan imkon boricha tinchgina, sezdirmasdan ketish yo‘li qolgan edi. 2004-yilning 3-iyun sanasida Jorj Tenet “oilaviy sabablarga” vaji bilan iste’fo beradi. Prezident Reyganning vafoti, Bushning Yevropaga sayohati, katta sakkizlik sammiti atrofida bo‘layotgan siyosiy voqealar Tenet mashmashasini qisqa muddatga esdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Prezident uning iste’fosini oradan bir oy vaqt o‘tib qabul qiladi. Shu tariqa yetti yil mobaynida AQSh razvedkasi – Lenglining rahbari bo‘lgan Jorj Tenet katta siyosatdan ketadi.
2004-yilning 14-dekabr sanasida president Jorj Bush Tenetni “Amerika xalqini kuchayib borayotgan radikal terrorchilardan kelayotgan xurujlardan himoya qilgani uchun” Ozodlik medali bilan taqdirlaydi.
Keyinchalik, Jorj Tenet “Al-Qoida”ning AQShga hujumlari, Iroq voqealari tasvirlangan “At the centre of the storm” – “To‘fonlar markazida” nomli o‘z xotiralari jamlangan kitobni nashr qiladi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)