“Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash va kasallik tarqalishining oldini olish borasida o‘tkazilayotgan epidemiyaga qarshi kurashish tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida” sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i qabul qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Vazirlik uy sharoitida koronavirusning alomatsiz shakli bilan tibbiy kuzatuv va davolashga olingan bemorlar uchun eslatma bilan chiqdi.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati

Koronavirusning alomatsiz shakli bilan tibbiy kuzatuv doirasida bo‘lgan bemorlarga birinchi navbatda uydan chiqmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek:

  • aksirganda, yo‘talganda burun va og‘izni yopish. Qo‘lni sovun bilan yuvish va antiseptik vositalar bilan zararlantirish;
  • tibbiy niqob taqish va har 2 soatda muntazam almashtirish;
  • xonani har 2-3 soatda tez-tez shamollatish;
  • uydagilar bilan muloqotni cheklash;
  • oqatlanishdan oldin, hojatxonaga borgandan so‘ng qo‘lni sovun bilan yuvish va antiseptik vositalar bilan zararlantirish;
  • alohida idish-tovoqlardan foydalanish;
  • COVID-19 belgilari aniqlanganida tez yordam xizmatiga (103), hududiy poliklinika (QVP, QOP, OP)ga yoki Call-markazga (1003) murojaat qilish.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 30-iyundagi qarori bilan shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarsiz yengil shaklda kechayotgan bemorlarni 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etilgan edi. Respublika maxsus komissiyasining 8-iyul kuni e’lon qilingan qaroriga ko‘ra, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.