Dushanbe shahrida 10-iyul kuni prezident Emomali Rahmon va uning o‘g‘li poytaxt hokimi Rustam Emomali ishtirokida Tojikistondagi ikkinchi uch qavatli estakadaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining qayd etishicha ko‘prik Sino va Ismoil Somoniy shohko‘chalaridan Dushanbe darvozalarigacha bo‘lgan hududni bir-biriga bog‘laydi.
Chorraha uch qavat va halqasimon yo‘ldan iborat. Uchinchi bosqichda 125 metrlik ko‘prik bunyod qilingan. Piyodalar uchun to‘rtta yerosti o‘tish joylari qurilgan.
Ushbu yo‘l O‘zbekistonga olib chiqadigan Dushanbe—Tursunzoda magistralining bir qismiga aylandi. Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan va unga 65 million AQSh dollar miqdoridagi mablag‘ ajratilgan, shuningdek, Osiyo infrtuzilma investitsiyalari banki, Slovakiya hukumati va boshqa donorlar ham loyihada ishtirok etgan. Asosiy pudratchi tashkilot Xitoyning Xinjiang Communications Construction Group Co. kompaniyasi bo‘ldi, Ispaniyaning Eptisa konsalting kompaniyasi esa ish sifati ustidan nazoratni amalga oshirgan.
Estakadaning qurilishi 2018-yil fevral oyida boshlangan va 2020-yil martida o‘z nihoyasiga yetgandi. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli uning ochilishi kechiktirilgan.Ko‘p qavatli yo‘llarni qurish Tojikistonda 2016-yilda boshlangan. Dushanbeda dastlabki uch qavatli estakada 2018-yil yozida foydalanishga topshirilgan. Dushanbening 2030-yil uchun yangilangan asosiy qurilish rejasida 20 ta yangi estakadani foydalanishga topshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Avval uch qavatli yo‘llar Markaziy Osiyoda Olmaotada 2016-yilda, Ashxobodda 2017-yilda, Dushanbeda 2018-yilda, Toshkentda 2020-yilda foydalanishga topshirilgandi.
Izoh (0)