Madridning “Real” klubi hujumchisi Karim Benzema Ispaniya chempionatining 35-turi doirasida o‘tkazilgan “Alaves”ga qarshi uchrashuvda (2:0) bitta gol urib, yana bitta golga assistentlik qildi.

Foto: “Real Madrid” FK

Shu tariqa Benzema 12 oyning barchasida gol va golli uzatmaga mualliflik qilgan La Liga tarixidagi birinchi o‘yinchiga aylandi.

“Barselona” hujumchisi Lionel Messi 12 oyning 11 tasida gol urgan, argentinalik futbolchi hali iyul oyida gol urishga ulgurmadi.

Qayd etish joiz, La Liga uchrashuvlari koronavirus pandemiyasi tufayli uzoq vaqtdan keyin ilk marotaba yoz oylarida o‘tkazilmoqda.

Karim Benzema ushbu mavsumda Ispaniya chempionatida 34 ta o‘yin o‘tkazib, 18 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.