1547-yil 10-iyul kuni Fransiyada qirol tomonidan ruxsat berilgan eng so‘nggi yuridik maqomga ega duel bo‘lib o‘tdi. Bu voqea tarixda “Jarnak zarbasi” nomi bilan kirdi. Bu nom duel paytida kuchli zarba bergan Gi Shabot de Jarnak nomidan olingan. “Daryo” duellar tarixi va eng mashhur duelchilar haqida so‘z yuritadi.
Yuridik duel
Duel maqsadi va kelib chiqish davrlarga qarab turlicha bo‘lgan. Uning eng qadimgi shakli german qabilalarida yuridik duel shaklida mavjud bo‘lgan deb hisoblanadi va buni Sezar ham o‘z esdaliklarida qayd etib o‘tgan. Uning mohiyati shundan iboratki, biror sud jarayonida guvohlar orqali aybdorning aybini isbotlashning imkoni bo‘lmasa va ikki taraf ham aybsiz ekanini ta’kidlab turgan paytda kim haq ekanini yakkama-yakka kurash orqali aniqlashgan. G‘olib bo‘lgan taraf haq deb e’tirof etilgan va Xudo tomonidan tanlangan deb hisoblangan. Duelning bu turi XVI asrdan boshlab yo‘qolib borgan va o‘rnini “sharaf dueli”ga bo‘shatib bergan.Aslida, antik davrlarda ham duelga o‘xshash yakka tartibdagi janglar bo‘lib turgan, bunga “Gladiatorlar jangi”ni misol qilib keltirish mumkin. Ammo ular mohiyat jihatidan duel sifatida ko‘rilmagan va duel deya e’tirof etilmagan. Bu turdagi duellarda haqiqiy aybdorlarning topilishi qiyin, ko‘plab begunohlar o‘lib ketavergan. Bunday duellarning ishonchli emasligi, ayniqsa, Jan de Karruj va Jak Legris o‘rtasidagi ish paytida yaqqol ko‘rinib qoldi.
Jan de Karrujning xotini Legrisni tunda niqobli holatda uning uyiga kirib jinsiy tajovuz qilishda ayblaydi. Legris buni rad etadi, ammo guvohlar yo‘qligi sababli sud duel belgilaydi. Duelda Legris o‘ladi. Biroz muddatdan so‘ng jinoyatchi boshqa kishi ekani ma’lum bo‘ladi. Karruj esa salib yurishida ekanida vafot etadi (F.-R. de Chateaubriand, Études ou Discours historiques sur la chute de l'Empire romain; la naissance et les progrès du christianisme, et l'invasion des barbares; suivis d'une Analyse raisonnée de l'histoire de France, t. III, p. 194, Lefèvre, Paris, 1831.).
1547-yil 10-iyul kungi duel bunday duellar tarixida eng so‘ngisi bo‘ldi.
Sharaf uchun duel
Qirollar sud orqali duelllarga ruxsat bermay qo‘yganidan keyin duelning boshqa turiga qadam qo‘ydi. XVI asr boshlarida g‘arbiy Yevropada duel dvoryanlarning eng asosiy mashg‘ulotiga aylandi. Duel eng keng tarqalgan davlatlar Italiya va Fransiya bo‘ldi. Hatto o‘z jasoratlarini ko‘tarib olish uchun hech qanday maqsadsiz ham duellar bo‘lib turardi. Agar sharaf masalasini hal qilib olish kerak bo‘lsa ham duellar uyushtirilar edi. Bunday duellar “sharaf uchun duel” deb nomlandi.Duel paytidagi asosiy qurol qilich va xanjar edi. O‘sha paytlarda guvohlar sekundant deya nomlanadigan bo‘ldi. Duellar shu darajada ko‘p tashkil etilardiki, natijada, bir necha o‘n yilda duel sabab minglab dvoryan aslzodalar o‘lib ketdi. Bu raqamlarga oddiy burjuaziya vakillari va qora xalq vakillari kirmaydi. 1588-yildan 1608-yilgacha o‘ng mingdan ortiq aristokratlar sharaf duelida halok bo‘ldi. Bu degani o‘rtacha har yili 500 yoki kuniga ikkita odam dueldan halok bo‘ldi degani (P. Lacaze, En Garde, du duel à l'escrime, p. 37, Paris, Gallimard Découverte, 1991.).
Fransiyada Genri II hukmronligi davomida olti ming, Genri IV hukmronligi davomida sakkiz ming, shulardan ikki mingi 1606-yilda, 4 mingi 1607-yilda sharaf dueli natijasida halok bo‘ldi. Bu raqamlar Fransiyadagi diniy urushlar qurbonlaridan ham ko‘p (Martin Monestier, Histoire, techniques et bizarreries du combat singulier des origines à nos jours. Les gages de bataille- Les tournois- Les jugements de Dieu-Les duels du Point d'Honneur, Paris, Le Cherche-Midi, 2005, p. 133.).
Aynan ana shunday qurbonlar tufayli qirollar ushbu duel turini ta’qiqlashga doir bir qator hujjatlar qabul qila boshladi. Afsuski, aristokratlar bu ishga mukkasidan ketgani sababli, kechirim xatlari asosida duellarni davom ettiraverdi. Genri IV 19 yil davomida yetti mingdan ortiq duelni ta’qiqlovchi shunday hujjatlarni qabul qildi.
Duel aristokratiyaning monarxiyaga qarshi kurashining ramziga aylandi. 1625-yilda duelachilardan birining hibsga olinishiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. Namoyishda 200 dan ortiq aristokrat ishtirok etdi. 1679-yilda Lui XIV duel to‘xtaganiga ishonch hosil qildi, biroq 1685-yildan 1716-yilgacha duel oqibatida o‘limlar soni faqatgina bor yog‘i 400 taga kamaydi xolos. O‘sha yillari o‘n mingdan ortiq duel bo‘lgani qayd etilgan.
Duellarning demokratlashtirilishi
Duelning ta’qiqlanishi va jazo choralarining kuchaytirilishi ham ushbu turdagi kurashga barham bera olmadi. XVIII-XIX asrlardan boshlab duellar demokratlashtirila boshlandi. Sovuq qurollar o‘rnini pistoletlar egallay boshladi va XIX asrdagi duelning asosiy quroliga aylandi. O‘q otuvchi qurollarga otilishi duelchining jismoniy holatining duel natijasiga bo‘lgan ta’sirini yo‘qqa chiqardi.Duelga ayrim qoidalar kiritildi. Ular sekundantlar hamrohligida, rasmiy chaqiriq asosida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Chaqiriq va duel orasida 24 soat vaqt bo‘lishi kerakligi belgilandi. Duelchilar o‘rtasidagi masofa 30–40 qadam bo‘lishi, duel birinchi jarohatga davom etishi belgilandi. Bu esa jarohatlar va o‘limlar sonini keskin kamaytirdi. Oxiri o‘lim bilan tugaydigan duellar soni keskin kamaydi.
Duellar davrining nihoyasi
Napoleon davridan keyin duellar kamaya boshladi. Odamlardagi dunyoqarashning o‘sishi ularni qasosga emas, balki o‘z haq-huquqi uchun sudlarga murojaat qilishga undadi. Endi odamlar sud orqali o‘z sharaflarini himoya qilishni o‘rgana boshladi. 1830-yildan keyin Fransiyada jurnalistlar o‘rtasida duellar, XIX asr birinchi yarmida Germaniyada talabalar o‘rtasida duellar ko‘paya boshladi.XIX asr oxiriga qadar duellar asosan armiyada yuz beradigan bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushidan keyin duellar davri nihoyasiga yetdi. Fransiyadagi eng so‘nggi sharaf dueli 1967-yilda bo‘lib o‘tdi. 80-yillarda duelni oxirgi bo‘lib taqiqlagan davlat Urugvay bo‘ldi. Hozirda dunyoning ko‘plab davlatlarida duel rasman taqiqlangan. Sariq matbuotda ko‘pincha Paragvayda duelga rasman ruxsat borligi aytilsa ham, rasmiylar buni bir necha bor rad etgan.
Islom olamida duel bo‘lganmi?
Islom olamida xun olish, qasos olish odati mavjud bo‘lgan. Xun, odatda, mahkamadan keyin belgilanadi. Bunday odat arablarda borligi uchun ham u Qur’oni Karimda o‘z aksini topgan. Jumladan, Moida surasining 45-oyatida shunday deyiladi:“Biz unda ularga: jonga jon, ko‘zga ko‘z, burunga-burun, quloqqa-quloq, tishga-tish va jarohatlarda qasos vojib, deb yozdik. Kim u qasosni kechib yuborsa, bu unga kafforotdir.
Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, o‘shalar zolimlardir” (“Tafsiri Hilol”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf).
Ko‘rinib turganidek, islomda qasos dueli Qur’on orqali tartibga solingan va undan, ya’ni qasosdan kechishga targ‘ib ham qilingan. Oyatga qaraydigan bo‘lsak, jabr ko‘rgan tomon jabr yetkazgan tomonga aynan o‘zidagi kabi javob qaytarishi lozim bo‘lgan va bundan o‘tkazish mumkin bo‘lmagan. Ba’zan xun uchun javobgar tomon badal to‘lash bilan dueldan voz kechilgan.
Shuningdek, hadislarda ikki musulmonning besabab o‘zaro bir-birini o‘ldirishi ham qattiq qoralangan. Bir-birini o‘ldirishni maqsad qilib qilich urishtirgan ikki musulmon ham do‘zaxga tushishi ma’nosidagi hadis Buxoriyning “Al Jome as-Sahih” to‘plamida Abu Bakr (r.a) dan rivoyat qilingan. Chunki ikkalasida ham o‘ldirish maqsadi bo‘lgan. Demak, oxiri o‘lim bilan tugaydigan bemaqsad duellar, agar qasos olish niyatida bo‘lmasa, islom dinida qoralangan.
Shuningdek, janglardan oldin ham ikki qo‘shin to‘qnashgan joyda ikki tomondan yakkama-yakka olishuvlar ham bo‘lib turgan. Islom tarixidagi eng mashhur shunday to‘qnashuvlardan biri ilk jang, Badr jangida yuz bergan. Unda Makkaning ikki oliy xonadoni vakillari qatnashgan. Makka mushriklari tarafidan Abdu Shams urug‘i ulug‘i Utba ibn Robia, uning o‘g‘li Valid ibn Utba hamda ukase Shayba ibn Robia chiqqan bo‘lsa, musulmonlar tarafidan Hoshim urug‘idan bo‘lgan Hamza ibn Abdulmuttolib (r.a), Horisa ibn Abdulmuttolib (r.a.) hamda Ali ibn Abu Tolib r.alar chiqqan. Ushbu bahsda musulmonlar qo‘li baland kelgan. Bunday to‘qnashuvlar go‘lib tomonning askarlarining ruhini ko‘tarish maqsadida tez-tez o‘tkazilgan.
Mashhur duelchilar
Duellarda ko‘plab ziyolilar, siyosatchilar ham qatnashgan. Ba’zan ular duellarda vafot etgan. Masalan, bizga tanish bo‘lgan mashhur rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin ham aynan duel paytida olgan jiddiy jarohati oqibatida vafot etgan. Manbalarda uning 30 dan oshiq duellarda qatnashgani, birortasida ham raqibining qonini to‘kmagani va hech qachon birinchi bo‘lib o‘q uzmagani keltiriladi. Quyida shunday mashhur duelchilardan bir nechtasini keltirib o‘tamiz.Tixo Brage – duel natijasida burnidan ayrilgan va bronzadan protez burun qo‘ydirgan. Tixo Brage mashhur Daniyalik astronom bo‘lib, XVII asrda polyak astronomi Ya Geveliusning “Astronomiya darakchisi” kitobida Mirzo Ulug‘bek bilan bir safda tasvirlangan;
Mixail Lermontov – mashhur rus shoirlaridan. 1841-yilning 15(27)-iyul kuni Pyatigorsk shahrida Nikolay Martinov bilan bo‘lgan duelda 27 yoshida vafot etgan.
Aleksandr Dyuma – mahshur fransuz romannavisi. 1832-yilda “La Tour de Nesl” teatr pyesasining egaligi masalasida kelib chiqqan duelda Frederik Gayarde bilan to‘qnashadi. Duel hech qanday natijasiz yakunlanadi.
Viktor Gyugo – yana bir fransuz adibi. 1821-yilning iyul oyida Versal harbiylaridan biri bilan duelga chiqadi va natijada, qo‘lidan yaralanadi. Duelning sababi noma’lum. Ayrim manbalar askarning Gyugo qo‘lidan bir varaqning yulib olinishi sabab sifatida keltiriladi.
Otto fon Bismark – mashhur nemis davlat arbobi, Prussiya kansleri. Talabalik yillarida udumga kirgan duellarda qatnashgan. U jami 27 marta duelda qatnashgan bo‘lsa, bir martagina jarohat olgan.
Benito Mussolini – mashhur italyan davlat arbobi va Italiya fashistlarining dohiysi. Qilichbozlikda mohir bo‘lgan va bir necha marta duellarda qatnashgan. Bunday duellarda u asosan o‘zining siyosiy raqiblari bilan kuch sinashgan.
Evarist Galua – mashhur fransuz matematigi, matematikadagi Galua nazariyasi asoschisi. 1832-yilning 31-mayida 20 yoshida duelda olgan jarohati sababli vafot etgan. Duel sababi noma’lum. Ammo dueldan oldin do‘stiga yozgan maktubida omadsiz sevgi haqida so‘z yuritgan.
Xulosa o‘rnida
Ko‘rganingizdek, duellar insoniyat tarixidagi eng qonli voqealardan biri hisoblanadi. Bunday voqealar natijasida qancha begunoh insonlar, yetuk zehniyat sohiblari, shoir-u yozuvchilar, yosh olimlargacha bevaqt hayotdan ko‘z yumgan. Bugungi insoniyat ana shunday voqealar tarixi haqida o‘qib, o‘zi uchun yetarli xulosalar olmog‘i, duelning qanday maqsadda o‘tkazilmasin, inson qadridan ustun emasligini anglab yetmog‘i, behuda qon to‘kishdan tiyilmog‘i lozim. Har qanday holatda ham adolatli mahkama orqali haq-huquqlar uchun kurashga intilmog‘i kerak.Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)