Saudiya Arabistonida koronavirus bilan kasallanganlar sonining ortayotgani sabab amerikalik o‘nlab diplomatlar o‘z oilalari bilan mamlakatni tark etmoqda, deb xabar beradi Wall Street Journal.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, diplomatlarning bir qismi 4-iyul kuni podshohlikdan AQShga uchib ketgan. Yaqin orada bundanda ko‘proq diplomatlar mamlakatni tark etishi kutilmoqda.
WSJ’ning yozishicha, AQShning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi xodimlari mart oyidan buyon masofadan turib ishlayotganiga qaramay, kamida 30 nafar xodimida koronavirus testi ijobiy chiqqan. Ularning aksariyati amerikalik emas.
Iyun oyida elchixona haydovchisida koronavirus aniqlangan edi, keyinroq u vafot etgan. Shundan so‘ng, Saudiya Arabistonidagi kasalxonalardan biri diplomatik idora xodimlaridan birining oila a’zosiga tezkor yordam ko‘rsatishdan bosh tortgan va elchixona vaziyatga aralashishga majbur bo‘lgan.
Gazetaning ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida AQSh Vakillar palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi noma’lum shaxsdan maktub olgan bo‘lib, unda Saudiya Arabistonida virus bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda ekanligi yozilgan. Shundan so‘ng, qo‘mita Davlat departamenti bilan bog‘langan va diplomatlarning mamlakatni tark etishiga ruxsat berilgan.
Shuningdek, AQShning bir qator diplomatlari Saudiya Arabistoni COVID-19 bilan kasallanganlar soni va uning haqiqiy ko‘lamini yashirishi mumkinligidan tashvishda.
Avvalroq Saudiya Arabistonida 23-martdan boshlab joriy etilgan komendantlik soati 21-iyun kuni bekor qilingani xabar berilgan edi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab cheklovlar o‘z kuchida qoldi. Hukumat xorijga sayohat qilish va ziyoratlarga qo‘yilgan taqiqlarni o‘z kuchida qoldirgan.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlar soni 205,9 mingdan, virus qurbonlari esa 1,8 ming kishidan oshgan.
Izoh (0)