O‘zbekistonda 2-iyul soat 23:30 dan 3-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 318 ta holat qayd etildi. O‘zbekistonda bir kun ichida koronavirusga chalinganlar soni birinchi marta 300 nafardan oshdi. Tabiiyki, 3-iyuldagi ko‘rsatkich yangi rekord hisoblanadi. Bungacha 2-iyul kuni 297 kishida koronavirus aniqlanishi rekord natija bo‘lib turgandi. Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 9396 nafarga yetdi.
Yangi kasallanish holatlari
Yangi kasallanganlarning- 273 nafari karantin muassasalarida;
- 45 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 37 nafar, Andijon viloyatida — 5 nafar, Toshkent viloyatida — 3 nafar) aniqlangan.
Toshkent shahrida qayd etilgan 85 ta holatdan 45 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 37 tasi aholi orasida aniqlandi. 22-iyun kuni Respublika maxsus komissiyasi Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlangan “qizil” hududlarni blokpostlar o‘rnatgan holda mahalla, dahalar va ko‘chalar kesimida yopilishi, karantinga olingan fuqarolarning uyi oldida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilishi haqida qaror chiqargandi. Ushbu qarorga qaramay, Toshkentda kasallanish holatlari kamaymayapti. Iyul oyining dastlabki uch kunida poytaxtda jami 261 kishida kasallik aniqlandi, ulardan 139 nafari aholi orasida, 122 nafari karantindagilar orasida qayd etildi. Toshkent shahrida aholi orasida koronavirus aniqlanmagan 3-iyundan beri roppa-rosa bir oy o‘tdi.
Surxondaryo viloyatida kun davomida 69 ta yangi holat qayd etildi. Bu ko‘rsatkich viloyat uchun rekord hisoblanadi. Avvalgi rekord ko‘rsatkich 27-iyun kuni 26 kishida kasallik aniqlanganda o‘rnatilgandi. Bu orada esa viloyatda yangi kasallanish holatlari qayd etilmagandi. 3-iyul kuni viloyatda aniqlangan holatlarning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlangan. Bir kun ichida Surxondaryoda kasallanganlar soni 68 foizga (101 nafardan 169 nafarga) oshib ketdi.
Toshkent viloyatida aniqlangan 26 ta holatdan 23 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 3 tasi aholi orasida qayd etildi. Viloyat aholi orasida eng ko‘p kasallik aniqlanadigan hududlardan biri hisoblanadi. Toshkent viloyatida 17-iyundan 3-iyulgacha faqat 29-iyun va 1-iyul kuni aholi orasida kasallik qayd etilmagan.
Samarqand viloyatida qayd etilgan 14 ta holatning barchasi karantindagilar orasida aniqlandi. Samarqandda hafta davomida yangi kasallanganlar soni 44 kishiga ko‘paydi. Ushbu holatlarning 3 tasi aholi orasida, 41 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etildi.
Buxoro viloyatida aniqlangan 9 ta holatning hammasi karantinga olinganlar orasida qayd etildi. Viloyatda kasallik aniqlanayotgan kunlarda har safar yangi kasallar soni 9 tani tashkil etmoqda. 29-iyun va 1-iyul kunlari ham Buxoroda 9 tadan yangi holat qayd etilgan. Umuman olganda, viloyatda 15-iyundan keyin 16-iyun, 17-iyun, 21-iyun, 26-iyun, 27-iyun, 29-iyun va 1-iyul kunlari ham kasallik yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan hamda shu kunlarning barida, albatta, aholi orasida ham kasallik aniqlanayotgandi.
Andijon viloyatida qayd etilgan 5 ta holatning barchasi aholi orasida aniqlandi. Bu joriy haftada Andijonda aniqlangan ilk holatlar. Andijon viloyatida 21, 23, 25 va 28-iyun kunlari ham aholi orasida kasallik aniqlangandi.
Kasallikdan davolanish
3-iyul kuni tibbiyot muassasalarida 217 nafar fuqaro sog‘aydi. Ulardan 212 nafari Toshkent shahridagi va 5 nafari Namangan viloyatidagi shifoxonalardan davolanib chiqdi.Hozirda kasallik qayd etilgan jami 9396 nafar bemordan 6251 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich 29-iyundan buyon o‘zgarmayapti.
17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi, 23-iyunda ularning soni 2000 nafardan, 28-iyunda 2500 nafardan, 2-iyulga kelib esa shifoxonadagi bemorlar soni 3000 nafardan oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 3116 nafar bemordan 2671 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 445 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.
Qoraqalpog‘istonda 9, Namanganda 15, Xorazmda 23, Andijonda 33, Buxoroda 34, Navoiyda 37, Jizzaxda 38, Samarqandda 74, Qashqadaryoda 81 va Surxondaryoda 101 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi.
O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar
Sog‘liqni saqlash vazirligi 28-iyundan 1-iyulgacha 7 ta o‘lim holati haqida ma’lum qildi. Ammo 2-iyul sanasida koronavirusdan vafot etish bilan bog‘liq yangi holatlar haqida xabar berilmadi. Aslida shu kuni Toshkentda bir erkak va bir ayol kasallik asoratlaridan vafot etgan ekan.Birinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashovchi 59 yoshli G‘.B. ismli erkak 2-iyul kuni o‘ta og‘ir holatda Toshkentdagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.
Unga yurak ishemik kasalligi, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi, infarktdan keyingi kardioskleroz, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, bemorda shu kuni koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.
Bemor oxirgi 7 yil davomida yurak ishemik kasalligi, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan. Doimiy gemodializ muolajasini olib turgan.
2-iyul kuni shifokorlar tomonidan standart asosida ko‘rsatilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi.
Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashovchi 77 yoshli N.G. ismli ayol 2020-yilning 7-iyunidan 16-iyunigacha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida yurak ishemik, gipertoniya, qon aylanish yetishmovchiligi, o‘ng sut bezi saratoni, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘pka shishi tashxisi bilan davolangan.
23-iyun kuni unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
U oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik, gipertoniya va onkologik xastalik kabi qator tashxislar bilan davolanib kelgan.
2-iyul kuni bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘lim holatlarini nima uchun bir sutkadan keyin e’lon qilganining sababi noma’lum. Lekin vazirlik so‘nggi vaqtlarda koronavirusdan vafot etayotgan bemorlar qaysi kuni olamdan o‘tayotganiga aniqlik kiritmayotgandi. Bemorlar vafot etgan sanalar boshqa manbalardan chiqib kelayotgandi. 20-bemorning o‘limi 5 kun o‘tib, 21-bemorning o‘limi 2 kun o‘tib, 27-bemorning o‘limi 2-kun o‘tib e’lon qilingani ma’lum bo‘ldi.
15-martdan buyon O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgani rasman tasdiqlanganlar soni 29 nafarga yetdi.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3116 nafar bemordan 16 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
Izoh (0)