Xalqaro sport arbitraj sudi (CAS) shveysariyalik chavandoz Nadya Peter Shtaynerni doping ishi bo‘yicha oqladi, deya xabar beradi Horse and Hound nashri.

Foto: Horse and Hound

Ta’kidlanishicha, 2017-yilda Shtaynerning tulporida taqiqlangan modda tramadol izlari borligi aniqlangan. Keyinchalik Xalqaro ot sporti federatsiyasi Shtaynerni ikki yilga diskvalifikatsiya qilib, (2021-yilning may oyiga qadar) 7500 Shveysariya franki (taxminan, 7,900 AQSh dollari) miqdoridagi jarimaga tortgandi.

Chavandoz esa ushbu qaror yuzasidan CAS’ga shikoyat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning jamoasidagi haydovchi bel og‘rig‘iga qarshi tramadol qabul qilgan va otlarni tashishga mo‘ljallangan yuk mashinasining jonivorlar saqlanadigan joyiga bovul qilgan (haydovchi buni tasdiqlagan). Shtaynerning oti esa peshob tushgan pichandan yegan bo‘lishi mumkin.

CAS chavandoz nima bo‘lganini aniq tushuntirib bergach, otdagi tramadol sportchining beparvoligi tufayli uning organizmiga tushgan degan xulosani rad etdi. Xalqaro ot sporti federatsiyasi ushbu qarorga rozilik berib, Shtaynerning diskvalifikatsiyasi va jarimasini bekor qildi.

Avvalroq chavandoz musobaqalarning birida tulpori tashkiliy qo‘mita a’zosining qo‘lini yalagan vaqtda tramadol uning organizmiga tushgan deb taxmin qilgandi. Biroq bu taxmin yetarli darajada ishonarli deb hisoblanmadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!