Angliya Premyer Ligasida 31-tur bahslari nihoyasiga yetdi va “Liverpul” muddatidan avval chempionlikka erishdi.
Musobaqa jadvalida 2-pog‘onada borayotgan “Manchester Siti” 31-turda “Chelsi”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Natijada Xosep Gvardiola shogirdlari Yurgen Klopp jamoasini quvib o‘tish borasida nazariy jihatdan mavjud bo‘lgan imkoniyatdan ham mahrum bo‘ldi.
Shu tariqa “Liverpul” 30 yil ichida ilk bor Angliya chempioniga aylandi. Avvalgi chempionlik 1990-yilda, hali Angliya Premyer Liga tashkil etilguniga qadar qo‘lga kiritilgandi. Premyer Liga bahslari 1992-yildan beri o‘tkazilib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun, “Liverpul” 19 karra mamlakat chempioni hisoblanadi. Sovrinlar soni bo‘yicha faqat “Manchester Yunayted” “Liverpul”dan oldinda (20).
Ma’lumot uchun, jamoaga Yurgen Klopp murabbiy etib tayinlanganidan beri (2015-yilning kuzi) “Liverpul” to‘rtta musobaqada g‘olib chiqdi: 2018/19-yilgi Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati va 2019/20-yilgi Angliya Premyer Ligasi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)