Buxoro—Toshkent yo‘nalishidagi “Afrosiyob” tezyurar yo‘lovchi poyezdining elektrovoz oynasi qattiq jism kelib tegishi natijasida darz ketdi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘ngilsiz hodisa haqida Toshkent mintaqasi temiryo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga 23-iyun kuni soat 20:05 da IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi Yo‘lovchi poyezdlarini kuzatish batalyoni navbatchisi telefon orqali xabar bergan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida aniqlanishicha, poyezdning old oynasiga Sergeli tumanining “Choshtepa” mahallasi hududida beton bo‘lagi kelib urilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, beton bo‘lagi Toshkent metropoliteni yo‘lida olib borilayotgan qurilish vaqtida — temiryo‘l izining ustidan o‘tuvchi metropoliten ko‘prigiga beton nasosi orqali quyilgan qorishma qotmaganligi sababli tezyurar poyezdning old oynasiga kelib urilgan.
Ta’kidlanishicha, hozirda surishtiruvni Toshkent—Janubiy vokzalida transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi olib bormoqda.
Izoh (0)