Andijon viloyati Asaka tumanida 9 yoshli qizaloq o‘ldirib ketildi. Bu haqda Bosh prokuraturaga tayanib, “Xabar.uz” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 21-iyun kuni soat 18:00 atrofida Asaka tumanidagi mahallalarning birida voyaga yetmagan Q.I.ning (2011-yilda tug‘ilgan, qiz bola, maktab o‘quvchisi) jasadi yashash xonadonida topilgan. Marhumning ko‘krak-qorin sohasida kesuvchi-sanchuvchi jismlar orqali 16 ta tan jarohati yetkazilgani aytilmoqda.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida murda yotgan xonada buyumlarning joylashish tartibi buzilganligi, javon (tryumo) tortmasida bo‘lgan 1,5 million so‘m pul yo‘qolganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan shu kunyoq Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-tezkor guruhi tashkil etilgan. Jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.