22-iyun kuni Toshkent shahridagi Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida 49 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 12 nafar, Buxoro viloyatida 5 nafar, jami 66 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, o‘z uyiga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Poytaxtda tuzalganlarning 52 nafari erkaklar, 9 nafari ayollar bo‘lib, yoshi kattasi 81 yoshli onaxon, yoshi kichigi esa 3 yoshda. Endilikda Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 2342 nafarga yetdi.

Buxoro viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘lganlarning 2 nafari erkaklar, 3 nafari ayollar bo‘lib, yoshi kattasi 40 yoshda, yoshi kichigi esa 28 yoshda. Hozirda ushbu hududda koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 472 nafarga yetdi.

22-iyun kuni Namanganda ham 7 nafar bemor kasallikdan sog‘aygandi. Shunday qilib, kun davomida 73 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzalib, hozirda O‘zbekiston bo‘ylab sog‘ayganlar soni 4450 nafarni tashkil etmoqda. Ayni paytda yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalarda 1932 nafar bemor davolanmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov davolanayotgan bemorlarning kasallik darajasiga ko‘ra holati haqida to‘xtalib, bemorlarning 3 nafari o‘ta og‘ir, 15 nafari og‘ir va 125 nafari o‘rta og‘ir ahvolda ekanligini ma’lum qilgandi.