Yaqindagina, aniqrog‘i, 30-may sanasida katta bir tarixiy voqea yuz berdi. Ixtirochi, muhandis, milliarder Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilgan Crew Dragon kosmik kemasi ilk bora uchuvchili parvozni amalga oshirib, astronavtlarni XKSga eltib qo‘ydi. Crew Dragon XKS bilan avtomat rejimda muvaffaqiyatli tutashdi va bu hodisa kosmik parvozlar sohasida mutlaqo yangi erani boshlab berdi. Endilikda NASA odamlarni kosmosga eltish borasida xususiy kompaniyalar bilan rasman ish boshladi. Bu, shubhasiz, ulkan tarixiy voqeadir.

Foto: Google Photos

Lekin, bilasizmi, qanchalik “tarixiy”, “ulkan hodisa” bo‘lmasin, Crew Dragon va Ilon Mask bu borada hech qanaqasiga birinchi emas! Ilon Maskning mazkur muvaffaqiyatidan naq 16 yil muqaddam, aniqrog‘i, 2004-yilning 21-iyunida SpaceShipOne kosmik kemasi insoniyat tarixida ilk bora xususiy orbital parvozni amalga oshirgan. Bu parvozning asosiy ta’sischisi va moliyalashtiruvchisi esa Ilon Mask singari “tagi baquvvat” amerikalik milliarder emas, balki eronlik ayol bo‘lgan desam ishonasizmi? Ishonavering, bu haqiqatan ham shunday!

SpaceShipOne kosmik parvoz loyihasini asosiy moliyalashtiruvchisi va titul homiysi 1966-yilda Mashhad shahrida tug‘ilgan Anusha Ansoriy ismli ayol bo‘lgan. Albatta, eronlik bu ayol o‘sha  paytda allaqachon Amerikada yashab, o‘rnashgan, katta biznes egasiga aylanib bo‘lgan edi. Qolaversa, adolat yuzasidan aytish joizki, loyihada undan tashqari yana boshqa puldorlar ham hissa qo‘shishgan.

Lekin nima bo‘lganda ham, tarixda ilk xususiy kosmik parvozga eng katta pul tikkan shaxs – aynan Ansoriy bo‘ladi va shu sababli ham ilk xususiy kosmik parvozni amalga oshirish loyihasining moliyaviy qismini “Ansoriy X mukofoti” (Ansari X prize) deb nomlangan. Unga ko‘ra, xususiy kompaniya o‘zi yasagan, ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan uchuvchili kosmik kemada ikki hafta ichida ikki marotaba suborbital kosmik parvozni amalga oshirishi kerak edi (Karman chizig‘idan tepaga chiqishi kerak bo‘lgan). Yutuqqa oz emas, ko‘p emas – 10 million dollar qo‘yilgan. Bundan maqsad kosmik turizmni rivojlantirish va kosmik parvozlar faqat davlat ahamiyatidagi ish emasligi, xususiy kompaniyalar ham bunday parvozlarni amalga oshira olishini ko‘rsatib berish edi.

Ansoriy mukofotini 1982-yilda tashkil qilingan Scaled Composites LLC firmasi yutib olgan. Ushbu kompaniya mutaxassislaridan iborat “Tier One” guruhi loyihalagan va yasagan SpaceShipOne kosmik kemasi ilk bora 2003-yilning 29-iyulida 14 km balandlikka parvoz qilish bilan suborbital parvozlarga tayyorlana boshlagan. Konstruksiyaga ko‘ra, atmosferaning yuqori qatlamlarigacha SpaceShipOne kosmik kemasini boshqa bir samolyot – WK (White Kinght) “yelkasida ko‘tarib” eltib qo‘ygan. Shuningdek, muhandislar ushbu kosmik kema uchun avvallari qo‘llanilmagan o‘ziga xos yangiliklar, mutlaqo yangi texnik yechimlarni o‘ylab topgan. Masalan, SpaceShipOne polibutadien va azot oksidi (N2O) gazlarida ishlovchi gibrid dvigatel bilan jihozlangan.

SpaceShipOne kemasini 14 km balandlikkacha yuqorida aytilganidek, WK samolyoti ko‘tarib chiqqan. Rejaga ko‘ra, o‘sha balandlikda kosmik kema va WK o‘zaro ajralgan hamda SpaceShipOne’ning reaktiv dvigatellari ishga tushirilishi kerak bo‘lgan. Natijada, kosmik kema vertikal holatga kelib, taxminan 3 500 metr taqsim sekund tezlanish bilan yana 50 km yuqoriga uchib chiqishi ko‘zda tutilgan.

“Karman chizig‘i”gacha bo‘lgan keyingi 36 km masofani esa SpaceShipOneo‘z inersiyasi evaziga bosib o‘tishi kerak bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, “Karman chizig‘i” bu – Yer atmosferasi va koinot o‘rtasidagi chegarani anglatuvchi shartli balandlik masofasi bo‘lib, xalqaro kelishuvlarga ko‘ra, dengiz sathidan 100 km yuqoridagi balandlik Yer va koinot chegarasi hisoblanadi va aynan shu chegarani “Karman chizig‘i” deyiladi. Kimki, ushbu balandlikdan nariga uchib chiqa olsa, koinotga parvoz qilgan hisoblanadi.

Muhandislar va uchuvchilar barcha zaruriy tayyorgarlikni va sinovlarni amalga oshirib, 2004-yilning 21-iyun sanasida ilk bora o‘z kosmik kemalarini haqiqiy kosmik parvozga olib chiqishdi. Uchuvchi Mayk Melvill boshqaruvidagi SpaceShipOne shu kuni Toshkent vaqti bilan taxminan 20:00 da startga chiqib, 51 daqiqadan so‘ng o‘sha 100 kilometr balandlik marrasini kesib o‘tdi. U deyarli 103 km balandlikka uchib bordi va taxminan uch daqiqa mobaynida koinotda parvoz qildi. Keyin esa qayta atmosferaga kirib, 17 km balandlikkacha “sho‘ng‘ish” rejimida tushib keldi. Ushbu balandlikda kosmik kema endi oddiy samolyot singari qanotlar kuchidan foydalangan holda odatiy parvoz qila boshlab, aerodromga qaytib qo‘ngan.

Albatta, bu Ansoriy mukofotini qo‘lga kiritish uchun dastlabki urinish, ta’bir joiz bo‘lsa, sinov testi bo‘lgan. Keyinchalik, aniqrog‘i, 2004-yilning 29-sentabr va 4-oktabr sanalarida SpaceShipOne yana ikki bora shunday kosmik parvozlarni amalga oshirishni uddaladi. Hatto 4-oktabrdagi parvozda uchuvchi Brayan Binni SpaceShipOne’ni 112 km balandlikkacha olib chiqa oldi. Parvozlarning hammasi to‘liq shtat rejimida, mukammal aniqlikda amalga oshgan. Biror bir kutilmagan voqealar bo‘lmagan. Bu orqali muhandislar Ansoriy mukofotini qo‘lga kiritish bilan birga, ungacha 41 yil mobaynida amalda turgan suborbital parvoz balandlik rekordini ham yangilashgan.

Shu tariqa, SpaceShipOne va uning uchuvchilar jamoasi haqli ravishda insoniyat tarixidagi ilk xususiy kosmik parvozni amalga oshirgan qahramonlar sifatida qayd etiladi!