Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov 16-iyundan boshlab Termiz shahriga kirib-chiqish vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qildi.
“Kuzatilayotgan epidemik vaziyatni hisobga olib, biz bugundan Termiz shahriga kirib-chiqishni to‘xtatdik va bir qator yumshatishlarni bekor qildik.
Termiz shahri fuqarolari, tadbirkorlari bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, karantin talablariga rioya etishi lozim. Shu bilan birga, epidemik vaziyat murakkab bo‘lgan Termiz, Denov, Muzrabot, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Boysun tumanlarida ham karantin talablarini qat’iylashtiramiz.
Shuning uchun aholidan zarur bo‘lmagan holatlarda ko‘chaga chiqmasliklarini, juda zaruriyat tug‘ilganda karantin qoidalariga amal qilgan holda niqob taqib chiqishlarini, shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra yuz-qo‘llarini gigiyena vositalarida doimiy tozalab turishlarini iltimos qilaman.
Agar oila a’zolaringizdan kimningdir harorati keskin oshadigan yoki sog‘lig‘ida boshqa biror o‘zgarish bo‘lsa zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling.
O‘tib ketadi, deb mustaqil davolanishga urinmang! Kasallik qancha erta aniqlansa, uning oldini olish ham oson kechadi.
Ba’zi fuqarolar andisha qiladi, uyda davolanaman deb oila a’zolari va yaqinlari hayotini katta xavf-xatarga qo‘yadi. Shuning uchun, avvalo, o‘zingiz, oila a’zolaringiz hamda yaqinlaringiz sog‘lig‘ini o‘ylashingizni so‘rayman” — deyiladi viloyat hokimi murojaatida.
2020-yil 15-iyundan viloyatga kirib-chiqiladigan “Darband” yo‘l-patrul posti hamda Termiz shahri, Muzrabot, Termiz, Sho‘rchi, Boysun, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarida qat’iy karantin talablari joriy etilgan. Surxondaryo viloyati 20-maydan buyon “yashil” hudud edi. Koronavirus viloyatga qaytgach, shahar va tumanlarning ranglari o‘zgardi. Termiz shahri, Boysun tumani, Muzrabot tumani, Termiz tumani, Sho‘rchi tumani “qizil” hududlar bo‘lib turibdi.
Izoh (0)