Sergeli metro liniyasida dastlabki relslarni o‘rnatish ishlari boshlandi. Bu haqda “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

“Belgilangan loyihaga asosan Sergeli yo‘nalishining umumiy uzunligi 6,94 kilometr bo‘lib, ‘Choshtepa’, ‘Toshkent halqa yo‘li’, ‘Sergeli’, ‘Afrosiyob’, ‘Qipchoq’ va ‘Chinor’ bekatlaridan iborat”, — deydi “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi boshlig‘i Soyibjon Jo‘rayev.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

Uning aytishicha, ayni paytda bekatlar va ularning oralig‘ida belgilangan reja bo‘yicha “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasining tajribali mutaxassislari tomonidan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlarida 60 ta zamonaviy texnika va mexanizmlardan foydalanilmoqda, 700 dan ortiq mutaxassislar 2 smenada ishlamoqda.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

O‘tgan vaqt davomida barcha 6 ta bekatning 5 tasi va ularning oralig‘idagi tayanch ustunlar uchun poydevor quyish ishlari Germaniya texnologiyasi asosida burg‘ilash uslubida amalga oshirilib, estakada tayanch ustunlari to‘liq o‘rnatib chiqildi. Ularning orasiga 26 metrlik balkalar montaj qilinmoqda. Shuningdek, bekatlarga eskalator o‘rnatish uchun poydevor, g‘isht terish, tashqi fasadni marmar bilan qoplash, elektr yoritish uchun simlar yotqizish ishlari ham yakuniga yetmoqda. Yo‘lovchi platforma to‘sinlarining montaj ishlari hamda metall konstruksiyalarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

Toshkent metropoliteni Sergeli liniyasining “Choshtepa” bekati Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yerosti bekati bilan bog‘lanadi. Belgilangan loyihaning ushbu murakkab yechimini amalga oshirishda quruvchi temiryo‘lchilar “Chilonzor” elektrodeposi hududida chap va o‘ng tayanch devorlarini o‘rnatish bo‘yicha 21 550 kubometr hajmdagi yer ishlarini yakuniga yetkazdi. Ayni paytga qadar bu yerda dastlabki relslar yotqizish ishlari boshlab yuborildi.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

“Toshkent halqa yo‘li” bekatidan “Sergeli” bekatiga qadar qariyb 600 metrga yaqin relslar yotqizildi. Ushbu yo‘nalishning tunnel qismi Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yerosti bekatiga ulandi va tunnelni qayta ko‘mish ishlari yakunlanib, asfalt qoplamasi tiklandi. “Choshtepa” bekati yangi liniyaning dastlabki estakada shaklidagi bekati bo‘ladi.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

Undan keyin esa “Toshkent halqa yo‘li” bekati keladi. Bu yerda ham tayanch ustunlarga hamda eskalator o‘rnatish uchun poydevorlar, g‘isht terish, tashqi fasadni marmar bilan qoplash, elektr yoritish uchun simlar yotqizish ishlari yakunlanib, hozirgi kunda bekatning ichki bezak ishlari so‘nggi bosqichda amalga oshirilmoqda. Bekat tomining metall konstruksiyalarini o‘rnatish ishlari yakunlandi. Bekatning platforma qismini betonlash ishlari ham to‘liq yakunlanib, ichki pardozlash ishlari davom etmoqda. Perronlarga marmar plitalar yotqizilmoqda.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

“Sergeli” bekatida esa poydevor quyish uchun qazish, g‘isht terish va eskalator poydevorini quyish ishlari to‘liq yakunlangan. Bekat metall tomining 770,6 metr kvadrat qismini o‘rnatish ishlari tamomlandi. Hozirgi kunda bekatning ichki va tashqi devorlarini pardozlash ishlari uchun tayyor holga keltirilgan.

“Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlarida bino poydevorlarini qazish va beton quyish, bekatlarda tashqi va ichki oraliq devorlariga g‘isht terish ishlari yakunlanib, suvoq ishlari 100 foiz tugatildi.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati

Ta’lidlanishicha, barpo etilayotgan barcha yerusti metro bekatlarida zamonaviy texnikalardan, sifatli qurilish materiallaridan foydalanilmoqda. Xususan, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun ham bekatlar platformasida xavfsiz taktil plitkalar yotqizilishi hamda yo‘lovchilarning platformalarga ko‘tarilishi uchun zamonaviy lift va eskalator, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida bekatlarda zamonaviy videokuzatuv uskunalari, IT rusumdagi zamonaviy turniketlar hamda elektr tejaydigan yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Mobil aloqa uskunalari ham elektr quvvatlagichlar bilan jihozlanadi.

Avvalroq Sergelini Toshkent markazi bilan bog‘laydigan yangi yo‘l va ko‘prik qurilishi xabar berilgan edi.