“Manchester Yunayted”, “Everton” va “Di Si Yunayted” ning sobiq hujumchisi, hozirda “Derbi Kaunti” klubida o‘ynovchi murabbiy bo‘lib ishlayotgan Ueyn Runi jamoa sardorlarining mashaqqatlari haqida gapirdi.
“O‘yinchilar nimadandir norozi bo‘lsa, ular ko‘pincha sardorga murojaat qiladi, natijada siz murabbiyga shikoyat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Bu og‘ir suhbatlarga olib kelishi mumkin. Bir jamoada mendan murabbiyga uning mashg‘ulotlari yetarli bo‘lmayotganini aytishimni iltimos qilishgandi. Bu oson ish emas. ‘Kechirasiz, murabbiy. Yigitlar sizning mashg‘ulotlaringizni rasvo deb o‘ylayapti’.
Siz juda ko‘p narsalarni o‘zingizga olishingiz kerak. Siz jamoaning turli xil xayriya va tijoriy yig‘ilishlarda o‘yinchilar nomidan chiqasiz, PFA (Angliya professional futbolchilari assotsiatsiyasi) bilan muzokaralar o‘tkazasiz.
Terma jamoada sardor bo‘lish bir tarafdan sharaf, ammo shu bilan birga katta mas’uliyat hamdir. Bu klubdagi sardorlikdan farq qiladi. Siz u yerdagi o‘yinchilar bilan klubdagi kabi har kuni o‘ynamaysiz. Terma jamoa sardori yangi kelgan o‘yinchilarni kutib olishi va ularning jamoaga kirishib ketishiga yordam berishi kerak. Men futbolchilar birga bo‘lish uchun kun davomida o‘yin xonasi va qahvaxonada bo‘lishga harakat qilardim. Ayniqsa, yangi o‘yinchilar bilan yaqin bo‘lishga va ular bilan suhbatlashishga vaqt ajratardim”, — deydi Runi.
Ma’lumot uchun, Runi “Everton” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U faoliyati davomida qadrdon klubidan tashqari “Manchester Yunayted”, MLS’ning “Di Si Yunayted” klublarida to‘p surgan. Hozirda esa Chempionshipning “Derbi Kaunti” jamoasida faoliyat yuritmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)