Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan Do‘stlik–Qo‘yliq metro liniyasi qurib bitkazildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Yangi yo‘nalishning uzunligi 11 kilometrga teng.

Ushbu yo‘nalishda poyezdlarning o‘rtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi. Harakatlanish oraliq vaqti 4 daqiqadan iborat. Bekatlar 5 ta vagon to‘xtashi uchun mo‘ljallangan.

“Har bir bekat milliy me’morchilik uslubiga xos tarzda qurildi, ular ko‘rinishi va bezatilishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi. Metro liniyalarining estakada yo‘nalishida harakatlanadigan zamonaviy va yuqori sifatli, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarga ega vagonlar keltirilgan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent yerusti metrosi uchun yana 10 ta “Moskva” poyezdi sotib olingani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Yashnobod tuman hokimligi yangi barpo etilayotgan yerusti metro yo‘lining “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan 11,2 kilometr masofani obod etish, aholiga qulaylik yaratish uchun tadbirkorlarni hamkorlikka taklif etgan.