Apple kompaniyasi iPhone 12’ni hali taqdim etishga ulgurmasidan, Yaponiyaning Macotakara sayti 2021-yilgi iPhone modelining videosi va suratlarini e’lon qildi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Macotakara

E’lon qilingan maket Apple kompaniyasi 2021-yilda taqdim etishi kerak bo‘lgan iPhone 13’ning chizmalari asosida yaratilgan. Smartfonga 5,5 dyuymli displey, ixcham korpus va beshta kamera o‘rnatilgan.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu maket ancha oldingi ma’lumotlar asosida tayyorlangan va u bir necha o‘nlab dizaynlardan biri bo‘lishi mumkin. iPhone’ning ushbu versiyasida ekranning tepa qismidagi “qosh” yo‘qolgan, chetki hoshiyalari esa zamonaviy modellarnikidan ingichka. Manbaga ishoniladigan bo‘lsa, qurilmaning frontal kamerasi ekran ostiga yashirilgan.

Foto: Macotakara

iPhone 13’ning orqa tomoniga 5 ta kemara xoch shaklida o‘rnatilgan. Bu iPhone 13’da asosiy, keng o‘lchamli, telefoto, lidar (3D-kamera) va anamorf obyektivga ega alohida videokamera paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi mish-mishlarni tasdiqlaydi.

Foto: Macotakara

Shuningdek, prototipga Lightning razyomi o‘rniga universal USB Type-C o‘rnatilgan. Shu bilan birga, Apple kelgusi yilda umuman razyom va teshiklarga ega bo‘lmagan smartfonni taqdim etishi haqida ma’lumotlar ham bor.

Avvalroq Apple kompaniyasi koronavirus sabab sakkiz yildan beri birinchi bor yangi iPhone modellari taqdimotini sentabr oyidan boshqa sanaga ko‘chirishga majbur bo‘lgani haqida xabar berilgandi.