O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi a’zosi etib saylandi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portaliga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri Shavkat Samatov “Olmaliq KMK” kuzatuv kengashi a’zolari tarkibidan chiqarilgan.
Bundan tashqari, “Olmaliq KMK” kuzatuv kengashi a’zolari orasida moliya vaziri Timur Ishmetov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Olimxon Rustamov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov, SFI Management Group kuzatuv kengashi a’zosi Qobul Shodiyev, SFI Management Group kuzatuv kengashi a’zosi Qodir Hasanov, SFI Management Group bosh direktori Ulug‘bek Muhammedov, SFI Management Group moliyaviy direktori Azamat Shamsiyev, SFI Management Group yuridik masalalar bo‘yicha direktori Mels Ahmedov ham qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 26-maydagi qaroriga asosan “Olmaliq KMK” 2020—2028-yillarda mis ishlab chiqarish hajmini yiliga 400 ming tonnaga, oltin ishlab chiqarishni yiliga 50 tonnaga, kumush ishlab chiqarishi esa 270 tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu natijalarga erishish uchun ikkita yangi zavod qurish rejalashtirilgan.
Izoh (0)