Niderlandiyaning Somnox kompaniyasi kechasi uyqusizlikka qarshi yordam beradigan robot-yostiqni yaratdi. Buning uchun ushbu yostiqni quchoqlash kifoya, deb xabar beradi “Yandeks Dzen” platformasi.

Foto: “Yandeks”

Unchalik katta bo‘lmagan, uzunchoq va yumshoq yostiq foydalanuvchiga sekin va muntazam nafas olish ritmini sozlashda yordam beradi, bu esa uni tinchlantirib, uxlashiga xizmat qiladi. Ushbu mahsulot miyaning bodomsimon qismini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar bazasida yaratilgan.

Yostiq loviya ko‘rinishida bo‘lib, og‘irligi ikki kilogrammga yaqin, uzunligi esa 40 santimetr atrofida.

Yostiqqa o‘rnatilgan sensorlar foydalanuvchi uxlayotgan yoki uxlamayotganini aniqlovchi ma’lumotlarni yig‘adi. Shu bilan birga, qurilma ushbu o‘zgarishlarni tushunadigan algoritmdan foydalanadi va insonning holatiga qarab, o‘z “nafas olishini” o‘zgartiradi. Bularning barchasi avtomatik ravishda amalga oshadi, ixtirochilarning so‘zlariga ko‘ra, robot-yostiq sizning yumshoq do‘stingizga aylanadi.

Foto: “Yandeks”

Bundan tashqari, robot turli usullar bilan foydalanuvchining uxlashiga yordam beradi. Xususan, u oq shovqin yoki tabiat tovushi kabi tinchlantiruvchi ovozlar chiqaradi. Mazkur tovushlar insonning tinchlanishiga yordam beradi.

Somnox iOS yoki Android bazasidagi smartfonlarga o‘rnatiladigan mobil ilova yordamida ishlaydi. Ilova robot ishini sozlashga yordam beradi. U orqali nafas olishning aniq bir chastotasini yoki robotning avtomatik moslashuvchanligini tanlash mumkin.

Qurilma narxi 599 dollarni tashkil etadi. Kompaniya xaridorlarga o‘z mahsulotidan 30 kun foydalanishni tavsiya qiladi, agar robot-yostiq foyda bermasa, pullarni qaytarib olish mumkin.