Madridning “Real” klubi va Ispaniya terma jamoasi sobiq hujumchisi Raul Gonsales “Shalke-04” bosh murabbiyiga aylanishi mumkin, deya xabar qilmoqda AS.
Ta’kidlanishicha, nemis klubi rahbariyatini Devid Vagnerning ishi qoniqtirmayapti. Gelzenkirxenliklar Rauldan tashqari germaniyalik Ralf Rangnik, “Sauthempton” ustozi Ralf Hazenhyuttl va PSV bosh murabbiyi Rojer Shmidt variantlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Raul hozirda “Real”ning ikkinchi jamoasi “Kastilya” bosh murabbiyi hisoblanadi. U 2019-yilning yozida jamoani qabul qilib olgandi.
Ispaniyalik mutaxassisga “Shalke” begona emas, u 2010—2012-yillar mobaynida nemis klubida to‘p surgan. Raul shuningdek, “As-Sadd” va “Nyu-York Kosmos” jamoalarida ham harakat qilgan.
“Shalke-04” Bundesliga 29-turidan so‘ng 37 ochko to‘plagan holda 10-o‘rinda bormoqda. Jamoa ligada ketma-ket o‘nta o‘yindan buyon g‘alabasiz seriya qayd etmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)