Toshkent shahrining bir qator ko‘chalarida reja asosida yo‘llarni joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kadr: Telegram / Toshkent shahar hokimligi

Xususan, Chilonzor tumanidagi eng serqatnov ko‘chalardan biri hisoblangan Qatortol ko‘chasida 2560 kvadrat metr asfalt yotqizilgan. Cho‘ponota ko‘chasining 8100 kvadrat metr maydoni ham yangidan asfalt qilingan.

“Chilonzor ko‘chasining 6100 kvadrat metr, Novza ko‘chasining 3,5 kvadrat metr maydoniga asfalt yotqizildi”, — deyiladi hokimlik axborotida. Hozirda Novza ko‘chasining qolgan qismi hamda Seul ko‘chasida ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Asfaltlash jarayoniga 10 ta maxsus texnika jalb qilingan, 40 nafar ishchi-xodim uch smenada ishlamoqda. Hokimlikning qayd etishicha, ta’mirlash ishlari yangi va qoplamalarni uzoq muddat sifatli saqlovchi texnologiya asosida olib bormoqda.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanining asosiy ko‘chalaridan biri hisoblangan Bog‘ishamolda reja asosida yo‘l ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Rejaga muvofiq, Bog‘ishamol ko‘chasining 7500 kvadrat metr maydoni ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.

3-iyun holatiga ko‘ra ko‘chaning 5500 kvadrat metr qismiga yangidan asfalt yotqizib bo‘lingan. Ta’mirlash jarayoniga 20 dan ortiq texnika jalb etilgan. “Ishlar maxsus texnologiya asosida, qurilish va ta’mirlashdagi qoidalar asosida bajarilmoqda”, — deyiladi xabarda.