Shu kunlarda AQShda qora tanlilarga g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lgan politsiyachilarga qarshi keng miqyosli norozilik namoyishlari davom etmoqda. Bu harakat butun dunyoga yoyilib, Yevropaga, Avstraliyaga yetib bordi. Qora tanli aholining huquqlari uchun kurash davom etarkan, bu kurashni keltirib chiqargan tarixiy voqelik – quldorlik tarixini yodga olishga qaror qildik.
Uzoq asrlar mobaynida qora tanlilar qul qilib kelindi. Ularning ozodligi uchun kurash XIX asrda boshlandi va abolitsionistlar (quldorlikka qarshi b‘olgan ziyolilar) g‘alabasi bilan yakunlandi. Ammo quldorlik asoratlari irqchilik va segregatsiya qiyofasida davom etdi va bugungi kunga qadar tugagani yo‘q. Shunga qaramay, bundan 158 yil muqaddam muhim g‘alabaga erishilgan edi: AQShda quldorlik rasman bekor qilindi.
“Daryo” Yangi dunyoda dastlabki qullar qanday paydo bo‘lgani, nega Garriyet Bicher-Stouga qora tanli shaxsning kesilgan qulog‘i yuborilgani va AQShda quldorlik tizimi qanday tugatilgani haqida hikoya qiladi.
Dastlabki qullar
Avgust oyining oxirlarida inglizlarga tegishli bo‘lgan Jon Joup qo‘mondonligi ostidagi “Oq Sher” kemasi Virjiniya shtati Jeyms daryosi qirg‘og‘iga langar tashlaydi. Virjiniyalik plantator o‘z kundaliklarida kema bortidan 20 ta g‘alati afrikalik ham yangi qit’aga kelib tushgani haqida yozib qoldiradi. Aynan shu davrdan Amerika tarixida quldorlik tizimining kelib chiqishi AQSh maktablari tarix darslariga kiritish belgilandi.Tarix manbalarining ma’lumot berishicha, dastlabki afrikaliklar hozirgi Angola davlati hududida hukm surgan Ndongo qirolligining kimbundu lahjasida so‘zlashuvchi xalq vakillari edi. Qul savdosi bilan shug‘ullanuvchi portugallar asirga olingan qora tanlilarni yuz milya (160.9 km) masofadan Atlantika ummonining g‘arbidagi bandargohda turgan “San Xuan Batista” kemasiga haydab keladi.
Kema bortida 350 afrikalik qullarning 150 nafari ochlik va kasallikdan vafot etadi. Tirik qolganlari esa Meksikaning Verakruz shahriga yetib keladi. Oz muddat o‘tib inglizlarga tegishli bo‘lgan kema omon qolgan 40–60 ta qulni Virjiniya shtati qirg‘oqlariga keltiradi. Olib kelingan qullar yaxshi narxga Virjiniya gubernatori Ser Jorj Yardli va shtat bosh savdogari Abraxam Pirsiga pullanadi. Shu tariqa tarixda ilk marotaba AQShning dastlabki manzilgohlarida biri bo‘lgan Jeymestaunida qulchilik boshlanishiga asos solinadi.
Abram Linkoln va 13 Tuzatish
1865-yilning 18-dekabrida AQSh konstitutsiyasiga 13-tuzatish nomini olgan, mamlakatda qulchilikni va majburiy mahnatni taqiqlovchi qonun qabul qilinadi. Kongress qabul qilgan mazkur 13-tuzatish qullar mehnatidan ularning o‘z ixtiyoriga qarshi mehnat qilishini taqiqlagan bo‘lsa-da, jinoyati uchun shaxs majburiy mehnatdan ozod qilinmasligini nazarda tutardi.1861–1865-yillar mobaynida sanoatlashgan shimolning quldorlikka asoslangan janubni mag‘lub qilishi AQSh hududida quldorlik tuzumini yemirilishni anglatardi. Fuqarolar urushi davrida 16-prezident Avram Linkoln bir qator inqilobiy demokratik islohotlarni amalga oshirdi. 1862-yilning 19-iyun sanasida qullikni bekor qiluvchi qonunni qabul qildi, 1863-yilning 1-yanvar sanasida Ozodlik deklaratsiyasini imzoladi va ittifoqchilar armiyasiga barcha qullarni ozod qilish borasida murojaat yo‘lladi. Biroq urushni boshidan kechirayotgan Amerika jamiyatida imzolangan deklaratsiya qonuniy kuchga ega bo‘lmay qolaverdi.
1865-yilga kelib 13-tuzatish faqat 27 shtat tomonidan imzolangan bo‘lsa-da, ayrim shtatlar bu tuzatishni oradan yuz yil vaqt o‘tib imzoladi. Kentukki shtatida Tuzatish 1976-yilda ratifikatsiya qilingan bo‘lsa, Missisipi shtati 13-tuzatishni 1995-yilga kelibgina ratifikatsiya qildi, ammo Missisipi shtati qonunchiligi qandaydir sabablarga ko‘ra ratifikatsiya qilingan qonun ijrosini federal ro‘yxatga kiritishni esdan chiqarib qo‘yadi. Bu holatga esa oradan 13 yil vaqt o‘tib yana e’tibor qaratishadi.
Shu tariqa AQShda quldorlik masalasi rasmiy ravishda 2013-yilning 7-fevralidagina yopiladi. Albatta, bu tarixiy huquqiy kazus bo‘lsa-da, asrlar davomida davom etgan quldorlik tuzumi AQShda 150 yil oldin tugatilgan bo‘lsa-da, uning oqibatlarini yo‘qotish uchun Amerika jamiyatiga yana yuz yildan ortiq vaqt kerak bo‘ldi. Bir narsani ta’kidlash joiz, hech bir jamiyat taraqqiy etgan bo‘lib yuzaga kelmaydi, taraqqiyot uchun esa ko‘plab mehnat va siyosiy iroda kerak bo‘ladi.
Gunohga botgan mamlakatning jinoyatlari
XIX asrning 30-yillarida AQShda abolitsionizm harakati avj ola boshlaydi. Abolitsionistlar o‘z oldiga Amerikada quldorlik tizimiga barham berishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yadi. Fikrlashi va harakat qilishiga ko‘ra yagona maqsadni niyat qilgan abolitsionistlar ham ikki guruhga ajralib qoladi. Birinchi guruhga shoir va publitsist Uilyam Lloyd Harrison yetakchilik qilar va Harrison mamlakatdagi quldorlik tizimini kuch ishlatmasdan mag‘lub qilishga da’vat qilardi. Ikkinchi guruhga yozuvchi va notiq Frederik Duglas rahnamolik qilar, uning fikrlarida mamlakatdagi jirkanch tizimni yo‘q qilishda kuch ishlatish ustun edi.AQSh tarixidagi oq tanli abolitsionistlardan yana bir Jon Braun edi. Harbiylar oilasida voyaga yetgan Jon yoshligidan boshlab qora tanlilarning og‘ir hayot tarziga guvoh bo‘lib o‘sdi. Lichfilddagi akademiyaga topshirdi va uning maqsadi diniy rohib bo‘lish edi. Biroq ko‘z kasalligiga chalingan Jon tez orada akademiyani tashlab ketishga majbur bo‘ladi va Ohayoga qaytib keladi. Ohayoga qaytgach, akasi bilan birgalikda teri bilan shug‘ullanadigan korxona ochadi. Avvaliga Jonning daromadli sohasi o‘sha davr uchun yirik miqdordagi foyda keltirdi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay terini oshlash biznesidagi ishlari yurishmay qoladi. Broun oilasini olib Pensilvaniya shtatidagi Kroufordga ko‘chib o‘tadi. Jon bu yerda 200 akr (800 ming kvadrat metr) yer sotib oladi va fermerlik bilan shug‘ullana boshlaydi. Chorva boqadi, teri oldi sotdisi bilan mashg‘ul bo‘ladi, biroq ishlari uncha ham yurishavermaydi. Shu sababli u pochtachi bo‘lib ishga kiradi va afro amerikaliklar uchun maktab ochishni niyat qiladi. Lekin mahalliy hukumat Jon Braunning bu istagini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladi.
Shu paytda AQShda qora tanli qochoq qullar bilan bog‘liq mojarolar sodir bo‘lib turar edi. Net Ternerning qo‘zg‘alonidan so‘ng qora tanlilarning oq tanli xo‘jayinlarga bo‘ysunmaslik harakati avj olgan, qullar o‘z egalaridan o‘lim xavf solsa-da qochib ketishga urinar edi. Jon Braunning Pensilvaniya shtati Guys Milzdagi uyi qochoq qullarni yashirishga xizmat qiladigan joy ham edi. Pensilvaniyada istiqomat qiloyatgan Jon Braun 2 500 qulga yashirinish uchun boshpana berishda yordam ko‘rsatadi. “Sent Luis” nashrining jurnalisti, quldorlik tuzumining keskin tanqidchisi bo‘lgan Elayja Lavjoyning qotilligidan so‘ng Jon Braun qolgan hayotini Amerikada quldorlik tuzumini yo‘qotishga bag‘ishlaydi.
1858-yilda Jon Braun rahbarligidagi abolutsionistlar Kanzas shtati chegarasidan o‘tib quldorlik shtati bo‘lgan Missuriga kirib boradi. Missurida Jon Braun boshchiligidagi abolutsionistlar 11 qulni ozod qilishadi. AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jeyms Byukanan tilga tushgan abolutsionist Jon Braunning kallasi uchun 250 dollar miqdoridagi mukofot belgilaydi. 1859-yilda Virjiniya shtatiga xiyonatda, oq tanlilarning o‘limiga sababchi va qora tanlilarni isyonga yetaklashda ayblanib qatl etiladi.
Garriyet Tabmen – qullikdan qahramonlikkacha bosib o‘tilgan yo‘l
Sobiq qul, josus, fuqarolar urushi davridagi hamshira oddiy qora tanli inson haqida gap ketganda Garriyet Tabmenning shaxsi AQSh tarixidagi yorqin timsollardan biri sifatida gavdalanadi. Qul bo‘lib tug‘ilgan Garriyet Tabmen boshqa qullarga yordam berish maqsadida shimolga qochib o‘tadi. U qullikdan ozod qilgan yuzlab qullar erkin hayot kechirishi uchun Kanadadan boshpana topadi. Garriyet Tabmen timsoli afro-amerikalik xalqlar folklorlarida o‘z xalqini qullikdan ozod qilishga kelgan Muso sifatida tavsiflanadi va uning shaxsi qullikka qarshi kurashning timsoliga aylanadi.Ilm-u urfondan bexabar qora tanli ayol kuchli iroda va matonat sohibasi sifatida AQShdagi fuqarolar urushi davomida Janubiy Karolina shtatiga jo‘nab ketadi va u yerda qora tanli qullar yordamida o‘ziga xos josuslik xizmatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ladi. Qora tanlilar yordamida u janubliklarning qurol-yarog‘lari, oziq-ovqat zaxiralari va harbiy rejalari haqidagi qimmatli ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, shimolliklarni axborot bilan ta’minlaydi. Shuningdek, Garriyet Tabmen ozod qilingan qullarni normal hayot tarziga qaytarishda hamda ularga ozodlikdagi hayotga ko‘nikishlarida beqiyos yordam beradi.
Urushdan so‘ng esa Obern Nyu-Yorkdagi uyiga qaytib keladi va qora tanlilar uchun moddiy yordam yig‘ishda, ular uchun maktablar tashkil qilishda, xayriya ishlarini tashkillashda yordam beradi. Hattoki Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya ham Garriyet Tabmenga sovg‘a sifatida qimmatbaho matodan to‘qilgan ro‘molchasini yuboradi. AQSh tarixidagi fuqarolar urushida o‘z xizmati uchun haq olmagan, millat qahramoni sifati e’tirof etilgan Garriyet Tabmen 1913-yilda vafot etadi.
“Tom amakining kulbasi”: butun dunyoning qullarga hamdardligini uyg‘otgan asar
Garriyet Bicher Stou ruhoniy oilasida tavallud topadi. Yoshligidan nasroniylik qadriyatlari ruhida tarbiyalangan bo‘lg‘usi yozuvchi o‘z mamlakatidagi quldorlik va qullar muammosiga befarq emas edi. Uning otasi hattoki o‘z uyida qochoq qullarning berkinishiga sharoit yaratib berish bilan abolutsionistlar va qora tanlilar orasida mashhur edi.Bo‘lg‘usi yozuvchi 14 yoshida lotin tilidan saboq bera boshlaydi, 16 yoshida teologiya- dinshunoslikdan ta’lim beradi. Garriyet Bicher Stou janubiy shtatlarga sayohati davomida “Tom amakining kulbasi” romanini yozish haqida o‘ylab qoladi. Asar bitgach yozuvchi 300 dollar miqdoridagi gonorar ishlab topgan bo‘lsa-da, yozuvchining maqsadi boshqa edi. U asari orqali barchani qullarning og‘ir, dilni g‘ash qiladigan hayotiga nazar solishlarini, jamoatchilikda qora tanlilarga nisbatan rahm shafqat uyg‘otishni ko‘zlagan edi va yozuvchi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga yetadi.
Quldorlik tuzumi tarafdorlari ko‘p marotaba Garriyetga tahdidlar bitilgan maktublar yuboradi. Bir marta hatto yozuvchi o‘z pochta qutisidan qora tanli qulning kesilgan qulog‘ini olishga ham majbur bo‘ladi. Sababi quldorlik tuzumi tarafdorlari paxta oldi-sotdisidan ham mo‘mayroq pul keltiradigan qul savdosi tizimini barbod bo‘lishini istamas edi. Roman 1851-yilda bosilganidan yarim yil o‘tib, The London Times nashri “Romanning juda qisqa fursatda nihoyatda mashhur bo‘lgani aql bovarmas hodisa” ekanini e’tirof etadi.
Roman chop etilganidan 11 yil o‘tib 1862-yilda AQSh prezidenti Avram Linkoln Garriyet Bicher Stouni Oq uyga taklif qiladi. Saqlab qolingan ma’lumotlarning guvohlik berishicha, prezident Linkoln Garriyet Bicher Stouni qabul qilar ekan, “Bu katta urushni boshlab qo‘ygan kichik jussali ayol mana shu xonim bo‘ladi”, deb yozuvchini qarshi olgan ekan. Urushdan so‘ng yozuvchi o‘zining keyingi hayotini ayollarning huquqlari uchun xizmat qilishga bag‘ishlab, bir qator loyihalarni amalga oshiradi.
Amerikaning isnodi
Bolaligini AQShda o‘tkazgan rus teleboshlovchisi Vladimir Pozner 1950-yillarda AQSh jamiyatida chuqur ildiz otgan segregatsiyani eslar ekan, “Afro-amerikaliklar va oq tanlilar avtobusga chiqqanda qora tanlilar albatta avtobusning orqa o‘rindig‘ida o‘tirish shartligi”ni esga oladi. Bir safar Pozner namoyishkorona tarzda avtobusning orqa o‘rindig‘iga o‘tirganida, baquvvat oq tanli avtobus haydovchisi unga ko‘z tikib, “sen baloga qolishni istaysanmi” degan luqmasini unutmasligini gapirib bergan edi. Oq tanlilar orasida, shuningdek, qora tanlilar o‘zlarining jinsiy ehtiroslarini jilovlay olmaydi degan asossiz stereotip Ku-kluks-klan va linch sudlarining paydo bo‘lishini oqlashga xizmat ham qilgan.Ma’lumotlarga ko‘ra, 1882-yildan 1920-yilgacha taxminan 3 500 afro-amerikaliklar Ku-kluks-klan va linch sudlarining “samosud” qurboniga aylangan. 1917-yilda esa Sent Luisda irqchilik motivlari sabab AQSh tarixidagi ulkan tartibsizliklardan biri sodir bo‘ladi. 1917-yilning 1-iyun sanasida qora tanli oq tanliga hujum qilishi natijasida bir guruh oq tanli amerikaliklar qora tanlilar yashaydigan kvartalga hujum qilib, qora tanlilarning uylarini yoqa boshlaydi, o‘zlarini esa linch sudi bilan jismonan yo‘q qilishga kirishib ketadi.
1948-yilgacha Amerika harbiy qismlarida oq tanli va qora tanlilarning xizmat qilishi belgilangan alohida harbiy qismlar mavjud edi. AQSh tarixidagi birinchi afro-amerikalik Benjamin Deyvis o‘z generallik rutbasiga 1940-yilda erishishga muvaffaq bo‘ladi.
Franklin Ruzvelt prezident bo‘lgach, Oq uyga qora tanlilarni farrosh va oshpaz sifatida yollay boshlash odat tusiga kiradi. Jeki Robinson esa AQShning oliy beysbol ligasida 1947-yildan boshlab o‘ynay boshlaydi. 1962-yilda afro-amerikalik talaba Jeyms Meredit ilk marta Missisipi universitetining birinchi kursiga qabul qilinadi. Yana oq tanlilar va qora tanlilar o‘rtasida nizo yuzaga keladi. Vaziyat shu darajaga borib yetadiki, Jeyms Meredit federal marshallar himoyasida universitetdagi o‘qishini davom ettiradi.
Oradan qirq yil o‘tib, 2010-yilda AQSh hukumati tepasiga afro-amerikalik Barak Obama prezident bo‘lib keladi. Afro-amerikalik shaxsning bir vaqtlar oq tanlilar doimo ustun deb hisoblagan millatchilari uchun esa bu katta zarba edi. Ammo Barak Obama o‘z siyosatining mohiyati bo‘lgan “muammolarni keskinlashtirmaslik” tamoyili orqali Nobel mukofotining Tinchlik yo‘nalishidagi mukofotiga sazovor bo‘ldi va o‘zining ikki muddatlik prezidentligi davrida AQShda biroz tinchlik davri kuzatildi.
Biroq AQSh ko‘p millatli jamiyat ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, avvalroq keltirilgan misollarning barchasi AQSh jamiyatida hanuz afro-amerikaliklarning hayoti qanchalik og‘ir ekani, afro-amerikaliklar hozirda erishgan huquqlariga yetishi uchun anchayin murakkab davrlarni bosib o‘tganidan dalolat beradi. To‘rt asrlik tarix davomida Amerika jamiyati irqchilik, segregatsiya borasida o‘ziga xos turli taqdirlar bilan duch keldi. So‘nggi voqealar esa Amerikada afro-amerikaliklarning kelajagi va irqlar o‘rtasida bag‘rikenglik o‘rnatish borasida hali bartaraf etilishi kerak bo‘lgan muammolar borligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)