1-iyun Afg‘oniston tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan, o‘zining islohotlari bilan keng jamoatchilikka yaxshi tanish bo‘lgan amir Omonullaxonning tug‘ilgan kuni. Sana munosabati bilan bugungi maqolada o‘z o‘rniga ega tarixiy shaxs haqida hikoya qilamiz.
Ayn ud-Davla – davlatning ko‘zi
Omonullaxon 1892-yilning 1-iyun kuni Afg‘onistonning Pag‘mon shahrida dunyoga kelgan. U Afg‘oniston amiri Habibullaxonning uchinchi o‘g‘li hisoblanadi. U Kobuldagi harbiy maktabda tahsil olgan. Buyuk Britaniya protektorati hisoblangan Afg‘onistonda o‘sha paytlarda islohotlar jarayoni kechmoqda edi. Bunda asosiy rolni o‘ynayotgan Mahmud Bek Tarziy edi. Yosh Omonulla u bilan yaqin munosabatlar o‘rnatadi. Mahmud Tarziyning rahnamoligi ostida mamlakatda yagona “Siroj ul-Akbar” gazetasi chiqariladi. Omonullaxon otasi tarafidan “Ayn ud-Davla”, ya’ni “Davlatning ko‘zi” rutbasini oladi. Omonulla, shuningdek, o‘z atrofiga islohot hamda mustaqillik tarafdorlarini to‘plashdan chekinmas edi.1919-yil 20-fevral kuni Habibullaxon ovda yurganida o‘ldirildi va ukasi Nasrullaxon Jalolobodda marhumning ikki katta o‘g‘li yordamida o‘zini amir deb e’lon qildi. Bu paytda Kobulda bo‘lgan Omonulla amakisining hokimiyatini tan olishdan bosh tortdi va qo‘shin bilan Jalolobodga qarab yurdi. Buni eshitgan Nasrullaxon qo‘shini qurollarini topshirib taslim bo‘ldi va yetti kunlik boshqaruvdan so‘ng taxtni Omonullaxon egalladi va mamlakatning hurmatli kishilari uni Amir deb e’lon qildi. Shundan so‘ng u mamlakat mustaqilligini e’lon qildi va uning hukumatining boshlanishi uchinchi ingliz-afg‘on urushi yoki mustaqillik urushi bilan boshlandi. Urush 1919-yil may oyidan avgustgacha davom etdi va unda Afg‘oniston g‘alaba qozondi hamda mustaqillikni qo‘lga kiritdi.
Omonullaning ilk rafiqasi Gulpari xonim o‘g‘li Hidoyatulloni dunyoga keltirish paytida olamdan ko‘z yumadi. Keyin Omonullaxon Mahmud Tarziyning qizi Surayyo Tarziyga uylanadi. Aynan mana shu nikoh mamlakatda amalga oshirilgan ayollar bilan bog‘liq islohotlarda katta rol o‘ynaydi. Mahmud Tarziy esa mamlakat tashqi ishlar vaziri hamda Omonullaxonning homiysiga aylanadi. Omonullaxon mamlakatda islohotlar qilishga shoshildi va bu yo‘lda biroz tezkorlik va radikal usullarni qo‘lladi. Bu esa uning taxtdan ag‘darilishiga olib keldi. Xo‘sh, u qanday islohotlarni amalga oshirdi?Omonullaxon – islohotchi
Hukmronligining dastlabki besh yili islohotlar davri bo‘ldi. Buning uchun Omonullaxon 25 kishidan iborat islohotlar komissiyasi tashkil etdi. Komissiya tarkibiga amir va uning yaqin yordamchilari kiritildi. Islohotlar quyidagilardan iborat edi:- Moliya tizimini tartibga solish: avvallari ingliz subsidiyalariga ketgan davlat budjetini yaratish. Islohotlar uchun pul kerak edi. Shuning uchun davlat yerlari sotila boshlandi, bir qator diniy tashkilotlarning yer uchastkalari qaytarib olindi. Xalqni qiynab kelayotgan soliq majburiyatlari ham yengillashtirildi va soliq pul ko‘rinishida olina boshlandi.
- Yerga xususiy mulkdorlik joriy qilindi;
- Ba’zi o‘rta asr yuridik institutlar, ayniqsa, xizmati uchun yerga ega bo‘lish bekor qilindi;
- Mahalliy va markaziy davlat apparatini kuchaytirish. 20-25 yillar davomida yagona markazlashgan davlatni yaratishga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilindi. Siyosiy tizimdagi barcha islohotlardan, Afg‘onistonda parlamentarizmning bir nechta asoslari asoslangan monarxiya tuzumini o‘rnatgan 1023-yil 10-apreldagi “Asosiy qonun” yoki Afg‘oniston Konstitutsiyasi alohida ahamiyatga ega edi. Amir oliy hokimiyatning egasi deb e’lon qilindi;
- “Asosiy qonun” barcha subyektlarning milliy va diniy mansubligidan qat’i nazar tengligini, shaxsiy erkinlikni, mulk daxlsizligini, matbuot erkinligini e’lon qildi;
- Konstitutsiyada qonunlar, budjet va xorijiy davlatlar bilan tuzilgan shartnomalarni muhokama qilish va tasdiqlash uchun eng yuqori darajadagi maslahat organi – Davlat kengashini tuzish ko‘zda tutilgan. Davlat kengashi 50 kishidan iborat bo‘lib, yarmi viloyat aholisidan saylandi, qolganlari esa amir tomonidan tayinlandi;
- Hukumat tomonidan 1923-yilda e’lon qilingan “Davlat tizimi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq mahalliy hokimiyatning saylov organlari — tumanlar va viloyatlar miqyosida Maslahat yig‘ilishi tashkil etildi;
- Sud islohoti. Sud jarayonlari islomiy tizimdan olinib davlat nazoratiga o‘tkazildi.
- Ta’limni modernizatsiya qilish. 1921-yilda 3 darajadagi umumta’lim maktablari yaratildi: boshlang‘ich besh yillik, o‘rta va o‘qituvchilar kollejlariga teng keladigan o‘qituvchilik seminariyalari. Umuman olganda, islohotlar munozarali edi;
- mamlakatni texnik rivojlantirish bo‘yicha loyihalar — yangi yo‘llar, elektr va radiostansiyalar qurilishi;
- davlat va xususiy banklarni tashkil etish;
- universitetga asos solinishi;
- yangi shifoxonalar qurish;
- yangi Fuqarolik va Jinoyat kodeksining loyihalarini tasdiqlash;
- 11 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qizlarning birgalikda o‘qishi to‘g‘risidagi qaror;
- Yevropacha kiyimlarni kiyish va paranjining yechilishi
Shuningdek, Omonullaxon oila va ayollar munosabatlarini tartibga soluvchi bir qator islohotlarni ham amalga oshirdi. Shu maqsadda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi Oila kodeksi ishlab chiqildi. Bu boradagi islohotlarga uning ayoli Surayyo Tarziy katta hissa qo‘shdi. Kodeks quyidagilarni aniq belgilab qo‘ydi:
- Juda yosh qizlarning juda qari kishiga turmushga chiqishi taqiqlandi;
- Nikohning haqqoniyligiga shubha tug‘dirmaslik uchun kelinga nikoh shartnomasining zarurligi;
- Nikoh to‘yi uchun maksimal xarajatlarga cheklov o‘rnatish;
- Ayollarning zulmga, zo‘ravonlikka va adolatsizlikka uchrash holati bilan bog‘liq vaziyatlarda sud tartibining joriy etilishi. Ular qirolicha Surayyo homiylik qilgan birlashma (ayollarni himoya qilish uyushmasi) tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, adolat va himoya istab murojaat qilishlari mumkin edi.
Omonullaxon va Olimxon
1920-yil sentabr oyida Buxoro amiri Olimxon Sovet Rossiyasi hujumidan so‘ng sharqiy Buxoro orqali Afg‘oniston amiri Omonullaxon huzuriga qochishga majbur bo‘ladi. Ularning munosabatlari haqida tarix fanlari doktori, tojikistonlik professor Kamoliddin Abdullayev quyidagi ma’lumotlarni keltiradi:Afg‘oniston amiri quvg‘in qilingan amir Olimxonni hurmat qilar edi va unga Kobuldan 18 kilometr uzoqda Chardex vodiysida joylashgan Qal’a-i Fath qishlog‘ida sharafli qarorgoh berdi. Bu yerga sobiq amir bilan birgalikda uning 200 ga yaqin odamlari joylashdilar. 1921-yil 17-mayda Omonullaxon hatto Said Olimxonning kelishi munosabati bilan katta ziyofat uyushtirdi. Afg‘oniston poytaxtida u Omonullaxonning faxriy asiriga aylandi. U Buxoroning qochoq amiri tufayli Moskvani g‘azablantirmoqchi emas edi. Olimxon 1921-yildan 1944-yilgacha yashagan uy ham qurilgan. Ammo uy kim tomonidan qurilganini aniq bilmayman.
Omonullaxon va SSSR – 1929-yildagi SSSR maxfiy ekspeditsiyasi
Inglizlar mag‘lub etilganidan keyin Omonullaxon birinchilardan bo‘lib Sovet Respublikasini tan oldi va Moskvaga tinchlik va do‘stlik shartnomasini imzolash taklifini ilgari surdi. Shu maqsadda u Moskvaga, Lenin nomiga xat yozadi:Buyuk Rossiya davlati yetakchisi Vladimir Lenin Janobi oliylariga! Sizni men taxtga o‘tirganim va toj kiyganim to‘g‘risida xabardor qilaman. Siz janobi oliylari odamlar tinchligi va farovonligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishdek sharafli va olijanob vazifani o‘z zimmangizga olganingiz sababidan men sizga birinchilardan bo‘lib afg‘on xalqi nomidan samimiy do‘stlik nomasini yuborishdan mamnunman. Do‘stingiz Omonulloh. Kobul, 1919-yil 7-aprel.Bunga javoban Lenin ham Omonullaxonga xat yozadi. Unda quyidagilarni o‘qish mumkin:
Afg‘oniston amiri Omonullaxon hazrati oliylariga! Ikki buyuk xalqlar o‘rtasida doimiy diplomatik aloqalar o‘rnatilishi chet ellik yirtqichlarning boshqalarning ozodligi va mulkiga qilingan har qanday tajovuzga qarshi hamkorlik qilish uchun keng imkoniyat yaratadi. Sizdan Moskvada doimiy rasmiy vakilingizni tayinlashingizni so‘raymiz va Kobulga ishchilar va dehqonlar hukumati vakilini yuborishni taklif etamiz, ularning zudlik bilan ruxsat olishlariga hazrati oliylarining rasmiylarga buyruq berishlarini so‘raymiz. V. Lenin. Moskva, 1919-yil 27-may.Omonullaxonning Sovet Rossiyasi, keyinchalik esa SSSR bilan munosabatlari mo‘tadil bo‘lgan. Ko‘pincha u SSSR bilan ehtiyotkor tashqi siyosat olib borgan deyishimiz mumkin. Uning Farg‘ona va Buxoro mujohidlariga bergan yordamlari haqida bir qator ma’lumotlar mavjud. Shuningdek, uning Buxoro amiri Olimxonni sovetlarga topshirmaganini ham qayd etish lozim. Ammo shu bilan birga Olimxonning harakatlarini ham cheklab qo‘yib, unga Buxoroda sovet hokimiyatini ag‘darish uchun ko‘tarilgan istiqlolchilar harakatiga yordam berishiga to‘sqinlik ham qilgan. Shularning o‘zi ham uning SSSR bilan bog‘liq tashqi siyosati qanday asosga qurilganini ko‘rsatib turadi.
1921-yilda ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik haqida bitim imzolandi. 1924-yil kuzida Kobulda sovet uchuvchilari paydo bo‘ldi, ularni afg‘on rasmiylari tog‘larda yashiringan mahalliy isyonchilar bilan kurashishga taklif qilishgan edi. Sovet aviatsiyasining yutuqlaridan hayratlangan Omonullaxon SSSRdan mamlakatda harbiy havo kuchlari tuzishda yordam so‘raydi va bu sovetlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinadi. SSSR harbiylarining chaqirilishiga esa amirning islohotlariga qarshi bo‘lgan isyonchilarga qarshi kurashish edi. 1928-yilning oxirida isyon kuchayib, Omonulla Qandahorga qochishga majbur bo‘ladi hamda oz sonli tarafdorlari bilan taxt uchun kurashga kirishadi.
Uning elchilari Moskvaga SSSRdan harbiy yordam so‘rashga boradi. Uning o‘zi ham o‘sha yili SSSRga rasmiy tashrif bilan borgan edi. Afg‘onistonda rasmiy hokimiyatning almashishi o‘zi shundoq ham notinch bo‘lgan SSSRning janubiy hududlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi. Chunki Omonullaxon buxorolik mujohidlarning harakatlarini bir muncha tiyib turgan edi, ammo uning o‘rniga kelgan Bachai Saqo – Habibullaxon ularga xayrixoh edi. Chunki Buxoro mujohidlari uchun SSSR kofirlar hukumati, Bachai Saqo esa diniy tuzum tarafdori edi. Hatto Bachai Saqo Amir Olimxon huzuriga kelib, agar SSSRga qarshi jihod qiladigan bo‘lsa, uning yonida turishini aytadi. Ammo Bachai Saqo hokimiyati uzoqqa bormagani sababli bu ish amalga oshmaydi.
Stalin uzoq o‘ylashlardan keyin 1929-yil mart oyida yordam berishga qaror qildi. Dastlab gap SSSR hududiga qochib o‘tgan Omonullaxon tarafdorlarini tayyorlash haqida borgan bo‘lsa, keyinchalik armiya kiritishga qaror qilindi. Qizil armiya qo‘shinlariga Afg‘onistondagi harbiy attashe Vitaliy Primakov qo‘mondonlik qildi. Ularga mamlakat shimoliga kirib, Kobulga qarab yurishga buyruq berildi. Ular shimoldagi xalq ularni iliq kutib olishiga ishondi. Barcha tayyorgarlik ishlari maxfiy tarzda olib borildi. Primakovga turkcha Rog‘ib Bey ismi berildi. Barcha askarlar afg‘oncha kiyim bosh va afg‘oncha ismlar bilan ta’minlandi. 1929-yil 15-aprel kuni Amudaryodan o‘tish boshlandi. Havodan narigi qirg‘oqdagi afg‘on chegara punktlariga zarbalar berildi. Mahalliy hokimiyat SSSR vakolatxonasiga nota yubordi, vakolatxona esa buni tan olmadi. Operatsiya maxfiy bo‘lganligidan ular bu haqda bilmas edi.
Oqibatda SSSRning Afg‘onistonda amalga oshirgan bu harbiy ekspeditsiyasi mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Bunga esa afg‘on xalqining sovet armiyasiga bo‘lgan nafrati va ularning hamkorlarining ishonchsizligi edi. Shunday vaziyatda Omonullaxon kurashdan voz kechib, hozirgi Pokiston — o‘sha paytdagi Britaniya Hindistoniga qochib ketadi va u yerdan Italiyaga, keyin esa Shveysariyaga ketadi. 1929-yilning 28-may kuni Primakov o‘rniga qoldirilgan Ali Afzalxon – Aleksandr Cherepanov zudlik bilan askarlarni SSSR hududiga qaytarish haqida buyruq oladi. Askarlar kelgan yo‘llari bilan orqaga, Termizga qaytib ketadi. Primakov esa 1937-yilgi “Tuxachev ishi” bo‘yicha otib tashlanadi.
Taxtdan ag‘darilishi va muhojirlikning boshlanishi, vafoti
1928-yilning avgust oyida Omonullaxon yuqorida esga olgan islohotlarni Loya Jirg‘a – mamlakat vakillar kengashi tomonidan tasdiqlanishiga erishadi. Ammo bu islohotlarga qarshilar ham yo‘q emas edi. Bular, asosan, an’anaviy diniy jamiyat tarafdorlari bo‘lgan ruhoniy qatlam edi, chunki bir qator sud va qozilik ishlari dunyoviy hukumat va sud tizimlari o‘tkazildi va ayollarning diniy e’tiqodi talabi bo‘lgan paranjilar taqiqlandi. Politsiya xohlagan uyga kirib ayollarning paranjisini yechib olishi mumkin edi. Islohotga qarshi bo‘lgan navbatdagi toifa Hazarajat va Xost tumanlaridagi qabilalar edi.Chunki ularda bo‘lgan soliq imtiyozlari tugatilgan va harbiy xizmat joriy etilgan edi. Dehqonlar ham yuqori darajadagi soliqlar belgilanishi ortidan islohotlardan norozi bo‘lishdi. Ana shunday noroziliklar oshib borayotgan bir paytda mamlakatning tojik millatiga mansub aholisi orasidan Bachai Saqo isyon ko‘taradi va 1929-yil yanvar oyida Kobulni egallab, o‘zini Habibulloh Kalakoniy ismi bilan amir deb e’lon qiladi. 14-yanvar kuni Omonulla ukasi Inoyatullo foydasiga taxtdan voz kechadi, ammo uch kundan so‘ng Bachai Saqo hukumatni egallaydi. Sovet armiyasi ko‘magiga qaramay, Omonullaxon mamlakatni tark etadi va Shveysariyada yashaydi. 1960-yilda Syurix shahrida vafot etadi. U Jaloloboddagi otasining maqbarasiga dafn etiladi.
Xulosa o‘rnida
Omonullaxon, shubhasiz, Afg‘oniston tarixidagi eng mashhur shaxslardan biri. Uning amalga oshirgan islohotlari tahsinga sazovor. Ammo uning bu islohotlarni jamiyatning kayfiyatini o‘rganmasdan turib amalga oshirishga urinishi, bu borada radikal yo‘llardan borgani islohotlarning oxiriga yetmasdan, o‘zining esa taxtdan ag‘darilishiga olib keldi. Uning islohotchilik harakatlarini Afg‘onistonning so‘nggi monarxi Muhammad Zohirshoh ham davom ettirdi.Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)